Navro`z bayramini o`tkazish to`g`risida O`zbekiston Prezidentining qarori imzolandi

Навруз

2017 yilgi Navro`z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori imzolandi.

Unga ko`ra 2017 yilgi Navro`z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha tashkiliy qo`mita tarkibi tasdiqlanib, u tomonidan Navro`z bayramini poytaxtimiz Toshkent shahrida, Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman va qishloqlarda umumxalq sayillari shaklida yuqori darajada o`tkazishga qaratilgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma`naviy tadbirlar rejasini o`n kun muddatda ishlab chiqish va amalga oshirish belgilangan.

Tadbirlar rejasini tayyorlashda quyidagi masalalarga alohida e`tibor qaratish topshirilgan:

Navro`z kunlarida insonning tabiat bilan uzviyligini, o`zini uning ajralmas bir qismi sifatida his etishini ifoda etadigan, atrof-muhitni, ona zaminni ardoqlab, uning ne`matlarini, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuyg`usi bilan yashashga da`vat qiladigan ma`naviy-ma`rifiy tadbirlarni uyushtirish;

barcha shahar va qishloqlarda bo`lib o`tadigan tadbirlarda, ommaviy axborot vositalarida Navro`z bayramining tarixi, uni nishonlash bilan bog`liq urf-odatlar, an`analar va qadriyatlarimizning mohiyati va ahamiyatini keng yoritish;

Navro`zning ruhi va falsafasida o`z aksini topgan mehr-muruvvat, ahillik va totuvlik, yoshi ulug` insonlar, tabarruk otaxon va onaxonlarni har tomonlama e`zozlash, ko`makka muhtoj insonlarga beg`araz yordam berish bilan bog`liq xayriya tadbirlarini amalga oshirish;

yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi, yasharish va yangilanish, qut-baraka, obodlik va farovonlik ramzi bo`lmish Navro`z faslida mahallalarda, shahar va qishloqlarda hasharlar, keng ko`lamdagi obodonchilik va ko`kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish;

Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bo`lib o`tadigan sayillarga folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, dorbozlar, sirk artistlari, oilaviy ansambllar, baxshilar, shoirlar, shuningdek, professional ijrochilar va iste`dodli estrada artistlarini keng jalb etish;

sayil dasturlarini tayyorlashda xalq o`yinlari, folklor san`atining eng yaxshi namunalarini, elu yurtning dilidan chuqur joy olgan, qadimiy urf-odatlar, ezgu insoniy tuyg`ularni tarannum etadigan kuy va qo`shiqlar, o`lan va laparlarga keng o`rin berish.