Toshkent pediatriya tibbiyot institutida Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan «fleshmob» bo’lib o’tdi. Tadbirda O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari, «Milliy TV» telekanali xodimlari, institut rahbariyati, barcha kafedralarning professor-o’qituvchilari, «talabalar teatr studiyalari» a’zolari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

O’zbekistonda fevral oyi O’zbekiston milliy adabiyotining buyuk vakillari Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning tug’ilgan sanalari bilan bog’liq. Respublika bo’ylab turli konferensiya va tadbirlar tashkil etilmoqda. Shu munosabat bilan bugungi kunda institut foyesida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi hamda davlat va jamoat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538 yilligi munosabati bilan «Fleshmob» tashkil etildi.

«Talabalar teatr studiyasi» a’zolari, iqtidorli talabalar institut yoshlar ishlari, ma’naviyat va ma’rifat bo’limi, O’zbekiston yoshlar Ittifoqining institutdagi boshlang’ich tashkiloti, talabalar turar joyi pedagoglari tomonidan tashkil etilgan fleshmobda ishtirok etdilar.

Tadbirda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur she’rlari yangradi. Shuningdek, tadbirda O’zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari barchani chiroyli kuy-qo’shiqlar bilan quvontirdi.

Ayniqsa, Navoiy va Bobur tomonidan yozilgan qo’shiqlar, xalq qo’shiqlari mohirlik bilan ijro etildi. Bundan tashqari, «talabalar teatr studiyasi» a’zolari o’z chiqishlarida turli miniatyuralarni namoyish etdilar.

Tadbir yakunida talabalar o’rtasida milliy tariximizni tushunishda buyuk ajdodlarimizning bebaho ma’naviy-ma’rifiy merosining ahamiyati to’g’risida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni muntazam tashkil etish to’g’risida qaror qabul qilindi.