Bugun, 2022-yil 25-iyul kuni Sirakuza universitetining Fuqarolik va jamoat ishlari bo’yicha Maksvell maktabining Tezlashtirilgan ta’lim va global hamkorlik bo‘yicha direktori Den Nelson O‘zbekistonga keldi.

Sirakuza universiteti vakilining tashrifi davomida Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rahbariyati bilan rejalashtirilgan uchrashuv va muzokaralar bo’lib o’tdi.

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori, professor B.T.Daminov bilan o‘tkazilgan uchrashuv va muzokaralar doirasida o‘zbekistonlik mutaxassislar va magistrantlar uchun Sirakuza universitetida stajirovka dasturlarini kengaytirish, qo‘shma dasturlar asosida 2 ta diplomga ega bo’ladigan yo’nalishlarda kadrlar tayyorlashni amalga oshirish, davlat boshqaruvi, jumladan, sog‘liqni saqlashni boshqarish sohasida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, manfaatdor sohalarda hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish bo‘yicha tajriba almashish, Sirakuza universitetida O‘zbekiston kunlarini o‘tkazish va boshqa asosiy mavzular muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Sirakuza universiteti vakilining tashrifi doirasida Xorazm viloyatidagi qadimiy Xiva shahri va boshqa madaniy-tarixiy maskan va yodgorliklarni birgalikda ziyorat qilishdan iborat madaniy dastur amalga oshirildi.

Eslatib o’tamiz, Maksvell maktabi Nyu-York shtatida joylashgan bo’lib, 200 dan ortiq mutaxassisliklarni tanlashni taklif qiluvchi xususiy xalqaro tadqiqot Sirakuz universiteti qoshidagi 13 ta maktab va kollejlardan biridir. Universitetning dunyodagi global ishtiroki 15 000 ga yaqin talabalar va 5 000 aspirantlar; dunyoning 160 mamlakatida chorak milliondan ortiq bitiruvchilar; va AQShning barcha 50 shtatlari va 123 mamlakatdan kelgan talabalarni o’z ichiga oladi.

Sirakuza universitetining Maksvell maktabi ijtimoiy fanlar, davlat siyosati, davlat boshqaruvi va xalqaro aloqalar bo’yicha ta’lim va tadqiqot sohalaridagi mukammallik an’analari bilan mashhurdir.