2022 yil 18-19 oktyabr` kunlarda «InnoWeek.uz-2022» xalqaro innovatsion g’oyalar haftaligi doirasida O’zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Sun’iy intellekt bo’yicha maslahat Kengashining birinchi tarkibini shakllantirish bo’yicha rasmiy marosim va uning yig’ilishi bo’lib o’tdi.

Yig’ilishni Kengash faxriy raisi – Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ochib berdi. Tadbirda ishtirok etish uchun Birlashgan Arab Amirliklari, eron, Xitoy va Hindistondan xalqaro hamkorlar, shuningdek, AQSh, Evropa Ittifoqi mamlakatlari, Rossiya va Tojikistondan ekspertlar taklif etilgan. Birinchi ish kuni yakunida Maslahat kengashi a’zolari unga a’zo bo’lish to’g’risidagi hujjatlarni imzoladilar.

Majlisning ikkinchi kuni, ya’ni 19 oktyabrda O’zbekiston Respublikasida sun’iy intellektni rivojlantirish bo’yicha 2022–2024 yillarga mo’ljallangan aniq vazifalar, tashabbuslar hamda ilmiy-amaliy, innovatsion va ta’limga oid loyihalar bo’yicha Kengashning dasturi ko’rib chiqiladi. Kengash tarkibi va ish dasturi O’zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi veb-saytida e’lon qilinadi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida sun’iy intellekt bo’yicha maslahat kengashi joriy yilning avgust oyida tashkil etilgan bo’lib, kengash tuzilishidan asosiy maqsad sun’iy intellekt bo’yicha ekspertlar hamjamiyatini shakllantirish va ushbu soha haqida jamoatchilik tasavvurini rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratishdir. Kengashning asosiy vazifalariga O’zbekiston Respublikasida sun’iy intellekt bilan bog’liq barcha faoliyat yo’nalishlarini qo’llab-quvvatlash, individual loyihalar ishlab chiqish, istiqbolli tashabbuslarni yo’lga qo’yish hamda sun’iy intellektdan ongli va inson qadriyatlariga mos tarzda foydalanish kiradi.

Shuningdek, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Sun’iy intellekt kengashi tarkibiga qo’shildi. Ushbu kengashda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti tibbiyot va sog’liqni saqlash sohalarining manfaatlarini ifodalaydi.