2022 yilning 29 noyabr kuni Innovatsion Rivojlanish Vazirligining 5-yilligi munosabati bilan Innovatsion Rivojlanish Vazirligida tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimni Innovatsion Rivojlanish vaziri Abdurahmonov I.Y. boshlab berdi. Marosim boshida ushbu besh yil ichida yurtimizning innovatsion rivojlanish bo‘yicha yutuqlari haqida, shu jumladan xalqaro statistika bo‘yicha innovatsion rivojlanishda O‘zbekiston qanchalik yuqori pog‘onaga ko‘tarilgani, nechta startap loyihalar ishga tushirilgani va nechta ish o‘rinlari yaratilgani haqidagi ma‘lumotlar alohida qayd etildi. Bundan tashqari, innovatsiyalar haqida ba‘zi umumiy tushunchalar, ularni amalga oshirish va jahon tajribasi haqidagi ma‘lumotlar aytib o‘tildi.

Taqdirlash marosimida Respublikamizning turli viloyatlaridan tashrif buyurgan OTM ilm-fan va innovatsiyalar bo‘yicha  prorektorlari, olimlar, Innovatsion Rivojlanish Vazirligining Germaniya va boshqa Yevropa mamlakatlardagi hamkorlari, va Innovatsion Rivojlanish Vazirligining faol mutaxassislari  ko‘krak nishonlari va pul yutuqlari bilan taqdirlandilar. Bundan tashqari, tanlov, innovatsion akselleratorlar va hakaton tanlovlarida o‘z g‘oyalari va ishlanmalari bilan qatnashib g‘olib bo‘lganlar, shu jumladan Urban.Tech Uzbekistan hakaton tanlovida “Medicine”(Tibbiyot) yo‘nalishida g‘olib bo‘lgan bizning ToshPTI Ilg‘or Texnologiyalar va Strategik Tashabbuslar Markazining «ICMEDAI» jamoasi ham o‘z yaratgan dasturiy mobil ilovasini kelgusida rivojlantirish uchun mablag‘ va sertifikatlar bilan taqdirlandilar.