Toshkent pediatriya tibbiyot instituti xodimlari t.f.d. Tojiyev M.M. va TOSHPTI xorijiy tillar kafedrasi mudiri D.D. Buranova rahbarligida kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish maqsadida “NURSING EDUSATION” rejasi asosida muntazam ravishda interfaol o‘quv seminarlari o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu tadbirlar maʼnaviy-maʼrifiy sohaga ko‘maklashish doirasida TOSHPTI “Xorijiy tillari” kafedrasi o‘qituvchilari tomonidan Abu Ali Ibn Sino nomidagi Yunusobod sog‘liqni saqlash texnikumi xodimlari hamda texnikum rahbari Nurmatova N.A. bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.
Kasb-hunar taʼlimi muassasasining hamshiralik ishi va feldsher-akusherlik fakultetlari talabalaridan iborat ingliz tili bo‘yicha maxsus guruhda “Bo‘lajak hamshiralar uchun kommunikativ kompetensiyani rivojlantirish” yo‘nalishida interfaol usullar va zamonaviy pedagogik texnologiyalar, tarqatma materiallardan foydalangan holda interfaol darslar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, “Tibbiyot mutaxassisi”, “Kelajak hamshiralari”, “Tibbiy atamashunoslik” kabi mavzularda interfaol davra suhbatlari tashkil etildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi va o‘qituvchilar tomonidan batafsil javob qaytarildi. O‘quvchilarda bilim olishga chanqoqlik, yangi bilimlar olishga bo‘lgan intilishi borligi yaqqol namoyon bo‘ldi. Talabalar kelajakda shifokorlik kasbini tanlash istagini bildirishdi va pedagoglar tomonidan bu borada kerakli maslahatlar berildi.
– Mazkur tadbirlar texnikum o‘quvchilarida katta taassurot qoldirdi, – deydi TOSHPTI xorijiy tillar kafedrasi mudiri D.D.Bo‘ranova. Mazkur o‘quv-seminar yakunlari bo‘yicha Abu Ali Ibn Sino nomidagi Yunusobod sog‘liqni saqlash texnikumi rahbari Nurmatova N.A. “Nurses Tea Slub”ni tashkil etish va talabalarning ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini yana-da oshirish bo‘yicha uzoq muddatli maqsad va vazifalarni belgilab berdi.