O’rta Osiyo mintaqasi doirasida Respublikamiz poytaxtida, Toshkent medistina instituti qoshida, ilk bora mashhur xirurg Karim Xojievich Tagirov tomonidan 1947 yilda tashkil etilgan bolalar xirurgiyasi kafedrasi tashkil qilinishi bilan bog’liqdir.

Professor Karim Xojievich Tagirov

1972 yili O’rta Osiyo pediatriya medistina institutini (hozirgi ToshPMI) tashkil qilinishi bois, ushbu institut talabalari uchun bolalar jarrohligi fanidan saboq beruvchi ilm maskani sifatida faoliyat ko’rsata boshlagan. O’zbekiston, Qozog’iston va O’rta Osiyoning boshqa respublikalaridan kelib ushbu institutda ta’lim olayotgan talabalar sonining o’sib borishi sababli teng mavqega ega bo’lgan 1 va 2 pediatriya fakultetlarining tashkil qilinishi bolalar xirurgiyasi kafedrasini 1979 yilda ikki kafedraga ajratilishini taqoza etgan edi. Ushbu yilda Toshkent shaxrining Yunusobod tumanida qurib bitirilgan va o’z faoliyatini boshlagan shahar ko’p tarmoqli bolalar klinik kasalxonasi tarkibida maxsus bolalar xirurgiyasi (urologiya, travmatologiya, torakal xirurgiya, chaqaloqlar xirurgiyasi, shoshilinch va yiringli septik xirurgiya), shuningdek anesteziologiya va reanimatologiya bo’limlarining mavjudligi 2-pediatriya fakulteti talabalarining saboq olishlari uchun mo’ljallangan 2-bolalar jarrohligi kafedrasini klinik bazasi sifatida faoliyat ko’rsata boshladi.

Yangi tashkil qilingan kafedraga professor Karim Xojievich Tagirovning safdoshi va shogirdlaridan biri professor Erkli Maxmudovich Xodiev mudir etib tayinlandi. Mazkur kafedraga Karim Xojievich Tagirov maktabida etuk bolalar xirurglari bo’lib shakllangan xodimlar: dostentlardan – Yu.B.Ulliev, E.K.Tagirov, assistentlar: tibbiyot fanlari nomzodlari – E.N.Xegay, V.P.Ten, A.F.Shamsiev, R.A.Alimjanov, B.M.Mirzakarimovlar o’quv va davolash ishlarini olib bora boshladilar va bolalar xirurgiyasining turli sohalari bo’yicha o’zlarining ilmiy pedagogik faoliyatlarini davom ettirdilar. Yillar mobaynida kafedra tarkibi yosh mutaxasislar hisobiga kengaya bordi. E.M.Xodiev kafedra mudiri sifatida 1979-1991 yillarda samarali mehnat qildi. U Sobiq ittifokda nufuzli hisoblangan A.V.Vishnevskiy nomidagi xirurgiya institutida, ko’p qirrali, dunyoga mashxur xirurg A.A. Vishnevskiy maktabida nomzodlik va doktorlik dissertastiyalarini himoya qilish bilan birga xirurgiyaning nozik, amaliy tomonlarini chuqur egallagan olimdir. Respublika miqyosida bolalar torakal xirurgiyasining tashkil qilinishi va bugungi kundagi ravnaqi ko’p tomonlama ushbu olimning ulug’ mehnatlarining mahsuli ekanligini tan olish joizdir. Bolalar yurak tug’ma nuqsonlari va ko’krak qafasining tug’ma va orttirilgan kasalliklarida bolalarda o’tkazilgan o’pkaning rezekstiyasi operastiyalari E.M.Xodievning faoliyati bilan bog’liqdir.

Ustozning ko’p yillik mehnatlarining mahsuli sifatida uning shogirdi V.P.Ten tomonidan bolalarda destruktiv zotiljamning diagnostikasi va davolash muammolariga bag’ishlangan doktorlik dissertastiyasining 1993 yilda himoya qilinishini keltirish mumkin. Olimning bolalar xirurgiyasi sohasiga qo’shgan samarali xizmatlari qatoriga uning yosh mutaxasislarni tanlash va tarbiyalashdagi bag’ri kengligi va sobiq ittifoq davrida faoliyat ko’rsatgan yirik ilmiy markazlarda yoshlarni o’z kasbiy va ilmiy darajalarini oshirishlari uchun yaratgan sharoit va imkoniyatlarni ham kiritish zarur. 1979-1983 yillarda kafedra klinik ordinatorlaridan N.Sh.Ergashev va D.S.Akmollaevlarning Leningrad pediatriya medistina institutiga jo’natilishi, N.T.Toirov va A.J.Xamraevlarni sobiq ittifoq medistina fanlar akademiyasiga qarashli Moskvadagi Pediatriya institutiga jo’natilishi ushbu zahmatkash yoshlarning bolalar jarrohligining eng murakkab sohalarini, ayniqsa, chaqaloqlar xirurgiyasi sirlarini chuqur egallashga imkon yaratdi va ular tomonidan nomzodlik dissertastiyalarini himoya qilinishi bilan yakunlandi.

Usha paytda Respublika miqyosida oqsoqlanib kelayotgan neonatal xirurgiyada ijobiy natijalarga erishila boshlandi. Tug’ma ichak tutilishi, qizilo’ngach atreziyasi, diafragma churralari va anorektal nuqsonlarga chalingan chaqaloqlar o’rtasida murakkab operastiyalarni muvaffaqiyatli bajarishga erishildi. 1982-1992 yillarda kafedra xodimlaridan N.Sh.Ergashev, D.S.Akmollaevlar doktorlik dissertastiyalarini, A.J.Hamroev, N.T.Toirov nomzodlik dissertastiyalarini himoya qilishdi. Shuni ta’kidlash joizki turli yillarda kafedrada faoliyat ko’rsatgan va dissertastiya himoyalarini amalga oshirgan xodimlar hozirgi kunda nafaqat Respublikamiz miqyosida balki xorijda ilmiy-pedagogik ishlarini olib bormoqdalar: Akmollaev D.S. – Simferopol medistina instituti bolalar xirurgiyasi kafedrasining professori, Ten V.P. – Moskva shahridagi ilmiy tekshirish institutining katta ilmiy xodimi, Utegenov N.U. ToshPMI Nukus filiali bolalar xirurgiyasi kafedrasining mudiri lavozimlarida o’z faoliyatlarini davom ettirib kelmoqdalar. Shuningdek, kafedrada turli yillarda ish olib borgan xodimlardan tibbiyot fanlari doktori Yarashev T.Ya, tibbiyot fanlari nomzodlari Saidmurodov A.M va Karimov U.Sh., Abdunabieva D.A.lar bugungi kunda Respublikamiz kasalxonalarida yoki xorijda o’z amaliy faoliyatlarini davom ettirmoqdalar. 1991-1992 o’quv yilidan boshlab kafedrani o’z faoliyatini ushbu maskanda katta laborantlikdan boshlab, assistent, katta ilmiy xodim va professor lavozimlarida ish olib borgan Nasriddin Shamsiddinovich Ergashev boshqarib kelmoqda.

O’z ustozi Leningrad bolalar xirurgiyasi maktabining asoschisi, ko’p qirrali mashxur xirurg akademik Girey Alievich Bairovning an’analariga sodiq shogird sifatida bolalar xirurgiyasining turli sohalarida faol faoliyat ko’rsatib kelmoqda. U 1990-2005 yillarda Respublika Sog’liqni Saqlash Vazirligida bosh bolalar xirurgi vazifasida faol amaliy va tashkiliy ishlarni olib bordi. Ushbu lavozim 2006-2009 yillarda kafedra professori A.J.Hamroev tomonidan davom ettirildi. Kafedra dostenti N.T.Toirov 1995-2000 yillarda fakultet dekaning muovini, 2001-2009 yillarda esa tibbiy pedagogika fakultetining dekani sifatida talabalar qalbida mehribon ustoz siymosida uzoq muhrlanib qolishiga shak-shubha yo’qdir. Professor Ergashev N.Sh rahbarligi ostida kafedra dostenti B.B.Ergashev tomonidan doktorlik dissertastiyasini, shuningdek, ilmiy izlanishdagi xodimlar: Saidmurodov A.M., Nazarov N.N., Karimov U.Sh., Xaybulina Z.A., N.A. Diyorovlar nomzodlik dissertastiyalarini himoya qildilar. Ilmiy ishlarning natijalari amaliyotga keng tadbiq etib kelinmokda va ijobiy natijalarga erishilib, ko’plab bemorlarning tuzalishi va safga qaytishlari bunga yaqqol misol bo’la oladi. Hozirgi kunda kafedra xodimlari Toshkent shahridagi 2-bolalar xirurgik klinik kasalxonasi, Respublika Perinatal markazining neonatal xirurgiya bo’limi va 1-shaxar klinik kasalxonasining xirurgiya bo’limlarida Toshkent shaxri va Respublika miqyosida bolalarga yuqori saviyada maxsus xirurgik yordamni tashkil etishda faol ishtirok etib kelmoqdalar.

Ayni paytda ular bolalar gastroenterologiyasi, proktologiyasi, gepatobiliar xirurgiyasi, torakal xirurgiyasi va neonatal xirurgiya bo’yicha soha mutaxasislari o’rtasida Respublikada etakchi o’rinlarda turadilar. Kafedra tashkil etilgan davrdan boshlab uning tarkibida shahar onkologiya dispanserining bolalar onkologiyasi bo’limi koshida onkologiya kursi faoliyat ko’rsata boshladi, unga dostent T.A.Ligay kurs mudiri, M.A.Mun assistent lavozimida o’quv va davolosh ishlarini olib borishdi. Mazkur kursga 2010 o’quv yilidan boshlab tibbiyot fanlari doktori G.A. Hakimov rahbarlik qila boshladi. Hozirgi kunda kafedra xodimlari «Erta yoshdagi bolalarda a’zo va sistemalarning rivojlanish nuqsonlarining diagnostikasi va davolash» ilmiy yo’nalishida izlanishlar olib bormokda. Ilmiy izlanishlar negizida bolalar xirurgiyasining dolzarb muammolari, va zamonaviy diagnostika va davolash usullarini amaliyotga tadbiq qilishga qaratilgan bo’lib, bu borada xirurgik neonatologiya, bolalar koloproktologiyasi va gepatobiliar xirurgiya bo’yicha olib borilayotgan ishlar nafaqat ilmiy yangiligi, shuningdek amaliy ahamiyati bilan ham ajralib turadi.

Kafedra xodimlari 2000–2002 yillar mobaynida davlat grant loyihasida «Bolalarda qorin bo’shlig’i va qorin parda orti a’zolarining tug’ma nuqsonlari va xirurgik kasalliklari» mavzusi bilan ishtirok etib olingan natijalar asosida kafedra xodimi B.B.Ergashev tomonidan «Yangi tug’ilgan chaqaloq va ko’krak yoshidagi bolalarda buyrak tug’ma rivojlanish nuqsonlarining diagnostikasi va davolash taktikasi» mavzusida doktorlik dissertastiyasi himoya qilinishi bilan yakunlandi. Ko’p yillik mexnat va izlanishlarning samarali yakuni sifatida kafedra xodimlari o’z ilmiy va amaliy imkoniyatlarini Respublikamizda istiqomat qilayotgan yosh avlodni tarbiyalash va sog’lomlashtirish kabi ma’sul ishni muvaffaqiyat bilan bajarib kelimoqdalar. Turli tug’ma nuqson va murakkab xirurgik kasalliklarga chalingan bolalarga Respublika hududida davolashni yo’lga qo’yilishi va bunday bemorlarning davolanish uchun xorijiy mamlakatlarga jo’natish zaruriyatini keskin kamaytirilishi mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarning debochasi deb baholanishi mumkin. Shuni ma’muniyat bilan e’tirof etish mumkinki hozirgi kunda kafedra xodimlari tomonidan ilg’or xorijiy mamlakatlarda bolalarda o’tkazilayotgan murakkab operastiyalarning deyarli ko’pchiligi klinika sharoitida bajarib kelinmoqda.