Admission charter

QABUL NIZOMLARI

Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 18 iyundagi 118-son qaroriga ilova:

1) Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom

  • Umumiy qoidalar
  • Xorijiy fuqarolarni qabul qilish
  • Hujjatlarni qabul qilish
  • Kasbiy (ijodiy) imtihonlar
  • Test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish
  • Abiturientlarni to‘lov-kontrakt asosida qabul qilish, o‘qish uchun to‘lov tartibi va miqdori
  • Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari va musobaqalari g‘oliblarini qabul qilish
  • Muddatli harbiy xizmatni o‘tagan abiturientlarni qabul qilish
  • Qabul qilish tartibi

Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ilovalar:

  • 1-ilova. Oliy ta’lim muassasalarida yagona ko‘p balli baholash tizimi bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlarni o‘tkazish tartibi
  • 2-ilova. O‘qitish tojik, qozoq, turkman va qirg‘iz tillarida olib boriladigan ayrim ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarini qabul qilish tartibi
  • 3-ilova. Oliy ta’lim muassasalariga ko‘zi ojiz abiturientlarni qabul qilish tartibi

2) Oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom

3) Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom

 

UMUMIY QOIDALAR

1. Ushbu Nizom «Ta’lim to‘g‘risida» va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibini belgilaydi.

Ushbu Nizom harbiy ta’lim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

2. Oliy ta’lim muassasalari qabulni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan davlat grantlari va to‘lov-kontrakt asosida qabul kvotalariga muvofiq amalga oshiradilar.

3. Oliy ta’lim muassasalariga talabalarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Davlat komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plangan ballarning reyting tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Oliy ta’lim muassasalariga qabul barcha uchun (ham grantlar, ham to‘lov-kontrakt bo‘yicha) teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, test sinovlarida eng yuqori ball to‘plagan abiturientlarning davlat grantlari bo‘yicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi ta’minlanadi. Qolgan abiturientlar test ballari reytingi asosida belgilangan to‘lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar.

Tanlov har bir oliy ta’lim muassasasi bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari, o‘qitish tillari va shakllariga ko‘ra alohida o‘tkaziladi.

Test sinovlari, shuningdek ularni o‘tkazish tartibini belgilash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda oliy ta’lim muassasalari rektorlari joylarda test sinovlarini o‘tkazish uchun zarur sharoitlarni ta’minlaydilar.

4. Test sinovlari uch tilda — o‘zbek, rus, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi oliy ta’lim muassasalarida qoraqalpoq tillarida o‘tkaziladi.

Oliy ta’lim muassasasida ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish tili, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan qabul kvotalari doirasida hujjatlar qabul qilinishiga qadar vazirliklar va idoralar tomonidan belgilanadi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Abiturient test sinovlarini oliy ta’lim muassasasida o‘qiydigan tilda topshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati va test bo‘yicha ularga muvofiq keluvchi fanlar majmuasi Davlat test markazi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Abiturient chet tillar sifatida ingliz, nemis, fransuz tillaridan biri bo‘yicha test sinovi topshiradi. Abiturient o‘qigan chet tilidan qat’i nazar, xohlagan (ingliz, nemis, fransuz) chet tilidan test topshirishi mumkin.

Agar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasida ingliz, nemis yoki fransuz tillari o‘tilmasdan boshqa chet tillari o‘qitilgan holda, shu chet tilidan test sinovi o‘rniga ko‘p balli tizim bo‘yicha imtihon topshiriladi.

Oliy ta’limning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari bilan bir qatorda qo‘shimcha kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladi. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati Davlat test markazi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

5. Ayrim ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish tojik, qozoq, turkman va qirg‘iz tillarida olib boriladigan ta’lim yo‘nalishlariga qabul ko‘p balli tizim bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar va test sinovlari asosida amalga oshiriladi. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati Davlat test markazi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Ushbu ta’lim yo‘nalishlariga arizalar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasasini faqat ko‘rsatilgan tillarda tugatgan abiturientlardan qabul qilinadi. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar, ko‘p balli imtihon baholari va Davlat komissiyasi tasdiqlagan test sinovlari natijalarining umumiy yig‘indisi shaxsan oliy ta’lim muassasasi rektori tomonidan tasdiqlanadi.

6. Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarida ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur tilini chet tili sifatida o‘qigan abiturientlar mazkur tildan ko‘p balli baho tizimi bo‘yicha imtihon topshiradilar, qolgan fanlar bo‘yicha esa test sinovlaridan o‘tadilar.

Mazkur qoida roman-german filologiyasi (ingliz, nemis va fransuz filologiyasi) yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kiradigan abiturientlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Ushbu fanlar bo‘yicha yagona dastur va baholash mezonlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi va oliy ta’lim muassasalariga yetkaziladi.

7. Oliy ta’lim muassasalarida kasbiy (ijodiy) va ko‘p balli imtihonlarni o‘tkazish 1 va 2-ilovalarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

8. Oliy ta’lim muassasalariga ko‘zi ojiz abiturientlarni qabul qilish 3-ilovada belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

9. Respublika tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida tashkil etilgan 3 yillik «Oliy hamshiralik ishi» ta’lim yo‘nalishiga qabul faqat o‘rta maxsus, kasb-hunar tibbiy ma’lumot (hamshiralik, akusherlik ishi va feldsherlik) negizida amalga oshiriladi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha test sinovlari bilan bir qatorda qo‘shimcha kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladi.

10. Oliy ta’lim muassasalari tarkibida tashkil etilgan maxsus sirtqi bo‘limning ta’lim yo‘nalishlariga qabul faqat tegishli yoki turdosh ta’lim yo‘nalishiga muvofiq o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga hamda kamida uch yil amaliy ish stajiga ega bo‘lgan, ishlab turgan sohadan tavsiyanoma berilgan kadrlar hisobidan amalga oshiriladi.

XORIJIY FUQAROLARNI QABUL QILISH

11. Oliy ta’lim muassasalariga xorijiy fuqarolarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida» 2008 yil 4 avgustdagi 169-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida amalga oshiriladi.

Respublika fuqarolarini xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga jo‘natish davlatlararo shartnomalar va Davlat komissiyasining tegishli qaroriga, oliy ta’lim muassasalararo shartnomalarga hamda fuqarolarning tashabbusiga asosan amalga oshiriladi.

HUJJATLARNI QABUL QILISH

12. Oliy ta’lim muassasalarida o‘qishga qabulni sifatli tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan belgilangan tartibda qabul komissiyalari tashkil etiladi.

Abiturientlarning o‘qishga qabul qilish haqidagi arizalari oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan 20 iyundan 20 iyulgacha (shu kuni ham), O‘zbekiston davlat konservatoriyasi uchun 20 iyundan 15 iyulgacha qabul qilinadi.

Abiturient oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • ta’lim yo‘nalishi, o‘quv tili va shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza (arizada oliy ta’lim muassasasini tugatganligi yoki oliy ma’lumoti yo‘qligi, chet tilidan qaysi fandan test topshirishi, harbiy tavsiyanomaga ega bo‘lganlar uning raqamini ko‘rsatishlari hamda test sinovlarini o‘tkazish qoidalari va javoblar varaqalarini to‘g‘ri to‘ldirish bilan tanishganligi ko‘rsatiladi);
  • o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;
  • 086-U — shakl bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma;
  • pasport (pasport yoshiga yetmaganlar uchun tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma)ning nusxasi;
  • 3.5 x 4.5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;
  • mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan ko‘chirma va ishlab turgan sohadan tavsiyanoma (<< maxsus sirtqi >> bo‘lim abiturientlari uchun).

Ariza shakli Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Tanlovdan tashqari o‘qishga kirish huquqiga ega bo‘lgan xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar g‘oliblari asl nusxadagi tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.

Abiturient arizasida «o‘zim haqimda quyidagilarni ma’lum qilaman» grafasiga hujjatlar bilan tasdiqlovchi holatlar (bolalikdan I va II guruh nogironlari, chin yetim va yetim, «Mehribonlik uylari» tarbiyalanuvchilari va boquvchisi yo‘q) qayd etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolar harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasining aslini yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlar bilan birgalikda taqdim etadilar.

Harbiy qism tavsiyanomasining shakli va uni berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan belgilanadi.

Abiturient tomonidan pasport (pasport yoshiga yetmaganlar tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma) hamda harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat qabul komissiyasiga shaxsan ko‘rsatiladi.

Harbiy qismlar qo‘mondonligi tavsiyanomalari ular berilgan kundan hamda muddatli harbiy xizmatni tugatgan davridan boshlab uch yil mobaynida haqiqiy hisoblanadi.

Ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar mavjud bo‘lganda oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi abiturientning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.

Hujjatlar qabul qilishning belgilangan muddatlari tugagandan so‘ng hujjatlarga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish qat’iyan man qilinadi.

Abiturient tomonidan topshirilgan hujjatlarning qalbakiligi aniqlansa, u holda abiturient test sinovlaridan (oliy ta’lim muassasasidan) chetlashtiriladi hamda hujjatlari o‘rnatilgan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga yuboriladi.

Oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari 21 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi orqali Davlat komissiyasiga ta’lim yo‘nalishi, o‘quv shakli va tili ko‘rsatilgan holda, abiturientlarning soni haqida belgilangan shakldagi ma’lumotni imtiyozga ega bo‘lganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan qo‘shib taqdim etadilar.

KASBIY (IJODIY) IMTIHONLAR

13. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar test sinovlari o‘tkazilishiga qadar 11 iyuldan 25 iyulgacha, test majmualarida fanning o‘rniga qarab uning uchun nazarda tutilgan eng ko‘p ballning 0 dan 100 foizigacha bo‘lgan oraliqda yagona ko‘p balli baholash tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari bo‘yicha tushgan norozilik (apellyatsiya) arizalari oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan 26 iyulga qadar bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari Davlat komissiyasiga oliy ta’lim muassasalari tomonidan 27 iyulgacha taqdim etiladi.

Kasbiy (ijodiy) imtihonlarning natijalari haqidagi ma’lumotlar oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan Davlat test markaziga belgilangan shakllarda kunduzgi va maxsus sirtqi bo‘limlar uchun — 1 avgustda taqdim etiladi.

TEST SINOVLARIGA TAYYORGARLIK KO‘RISH VA ULARNI O‘TKAZISH

14. Test sinovlari kunduzgi va maxsus sirtqi bo‘limlar uchun 1 avgustda o‘tkaziladi.

15. Oliy ta’lim muassasasida tanlangan ta’lim yo‘nalishiga qarab abiturientlar tegishli ravishda ikki yoki uch fan majmualari bo‘yicha test sinovlaridan o‘tadilar.

«Jurnalistika», «Xalqaro jurnalistika» va «Nutq madaniyati va notiqlik san’ati» ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari bilan bir qatorda (0 bilan 75,6 ballgacha bo‘lgan oraliqda baholanuvchi) ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.

Test topshiriqlari o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi umumta’lim fanlari o‘quv dasturlariga muvofiq tuziladi.

16. Majmuaning har bir fani 36 topshiriqni o‘z ichiga oladi.

Quyidagi vaqt me’yorlari belgilanadi:

  • 72 savolga — 2 soat;
  • 108 savolga — 3 soat.

Majmualar quyidagi fanlar bo‘yicha shakllanadi:

  • Ona tili va adabiyoti: o‘zbek tili va adabiyoti
  • Ona tili va adabiyoti: rus tili va adabiyoti
  • Ona tili va adabiyoti: qoraqalpoq tili va adabiyoti
  • Matematika
  • Fizika
  • Kimyo
  • Biologiya
  • Tarix
  • Geografiya
  • Chet tili: ingliz tili
  • Chet tili: nemis tili
  • Chet tili: fransuz tili

Test sinovlari boshlanishiga qadar 30 daqiqagacha abiturientlar javoblar varaqasini to‘g‘ri to‘ldirish tartibi bilan tanishadilar va uning tegishli joyiga o‘zlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yozadilar. Bu vaqt test o‘tkazish uchun ajratilgan vaqt me’yoriga kirmaydi.

Test sinovlarini tashkil etish va ularni joylarda adolatli o‘tkazish mas’uliyati, test sinovlari qoidalariga qat’iy rioya etgan holda Davlat test markazi vakillari, oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari raislari, hokimliklar va ular tomonidan tayinlanadigan auditoriyalarning rahbarlariga yuklanadi.

Test sinovi sinov o‘tadigan xonada sinovni o‘tkazish qoidalari talablariga qat’iy rioya etilgan tarzda to‘g‘ri va adolatli o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha shaxsiy mas’uliyat auditoriya rahbari va kuzatuvchisi zimmasiga yuklanadi.

Test sinovi ertalab soat 8 dan 30 daqiqa o‘tganda boshlanadi.

Javoblar varaqasi abiturient tomonidan havo rang pastasi bo‘lgan sharikli ruchka bilan to‘ldiriladi.

Javoblar varaqasini to‘ldirishga test sinovi uchun belgilangan vaqt me’yoriga qo‘shimcha 20 daqiqa ajratiladi.

Javoblar varaqasi to‘g‘ri to‘ldirilishi uchun abiturient shaxsan javobgardir. Javoblar varaqasidagi tegishli doirachalarni noto‘g‘ri belgilagan abiturientlarning e’tirozi ko‘rib chiqilmaydi.

Abiturient tomonidan uyali telefonlar va boshqa aloqa vositalarini olib kirish va foydalanish qat’iy man etiladi.

Test sinovlariga abiturient mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirgan bo‘lsa, test jarayoni davomida test materiallarini boshqa abiturientga uzatsa, abiturientlarga yordam bersa, abiturient test sinovlarini o‘tkazish tartibini buzgan hisoblanadi va dalolatnoma tuzilib, u test sinovidan chetlashtiriladi.

Test sinovi jarayonida abiturient tomonidan savollar kitobi varag‘i yirtib olinganligi aniqlansa, test sinovlarini topshirish qoidalari buzilgan hisoblanadi va test sinovidan chetlashtiriladi.

Belgilangan vaqtda test sinovlariga kelmagan abiturientlar uchun qo‘shimcha test sinovlari o‘tkazilmaydi.

ABITURIENTLARNI TO‘LOV-KONTRAKT ASOSIDA QABUL QILISH

Abiturientlarni to‘lov-kontrakt asosida qabul qilish, o‘qish uchun to‘lov tartibi va miqdori

17. Abiturientlarni to‘lov-kontrakt asosida qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan qabul kvotalari doirasida yagona qabul qoidalari asosida test sinovlarining ballar reytingi bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat komissiyasi tomonidan abiturientlarni to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyin oliy ta’lim muassasasi bilan yuridik yoki jismoniy shaxslar o‘rtasida belgilangan tartibda kontraktlar rasmiylashtiriladi.

Belgilangan namunadagi kontrakt blankalari oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan test natijalari e’lon qilingan kundan boshlab beriladi va yuridik shaxslar uchun rahbar va bosh buxgalter tomonidan imzolangan holda 3 nusxada, jismoniy shaxslar uchun 2 nusxada rasmiylashtiriladi.

Davlat komissiyasi tomonidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan abiturientlar uchun to‘lov har yili kontrakt shartlarida ko‘rsatilgan muddatlarda amalga oshiriladi.

Kontrakt shartlari va tomonlarning majburiyatlari, ularning amalga oshirilishi tartibi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

 

OLIMPIADALAR VA TANLOVLAR G‘OLIBLARINI QABUL QILISH

Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari va musobaqalari g‘oliblarini qabul qilish

18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston o‘quvchi yoshlarini rag‘batlantirish choralari to‘g‘risida» 1993 yil 5 fevraldagi PF-555-son Farmoniga muvofiq hamda Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida» 2008 yil 13 oktyabrdagi 226-son qarori bilan tasdiqlangan Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari g‘oliblari bo‘lgan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi Nizom hamda Respublika olimpiadalari, tanlovlari va sport musobaqalarini o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizomlar asosida xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari va musobaqalari g‘oliblari hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi ta’sis etadigan maxsus guvohnomani olganlar Davlat komissiyasining qarori bilan tegishli oliy ta’lim muassasalarining mos ta’lim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari test sinovlarisiz va kasbiy (ijodiy) imtihonlarsiz davlat grantlari asosida qabul qilinadilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida» 1999 yil 10 iyundagi PF-2326-son Farmoniga muvofiq Zulfiya nomidagi Davlat mukofotlari sohibalari bo‘lgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari mos ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga tanlovdan tashqari test sinovlarisiz va kasbiy (ijodiy) imtihonlarsiz davlat grantlari asosida qabul qilinadilar.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi va tegishli vazirliklar, idoralar tomonidan har yili o‘tkaziladigan pedagogika o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari bitiruvchilari va ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining «Tarbiyachi» respublika tanlovi g‘olibi, tibbiyot muassasalari hamshiralarining «Hamshira» respublika tanlovi g‘olibi, Badiiy akademiyaning tasviriy san’at bo‘yicha respublika tanlovi g‘oliblari, «Nihol» mukofoti sovrindorlari mazkur vazirliklar, idoralar va jamg‘armalar taqdimnomalariga muvofiq Davlat komissiyasining qarori bilan tegishli oliy ta’lim muassasalariga, mos ta’lim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari test sinovlarisiz va kasbiy (ijodiy) imtihonlarsiz davlat grantlari asosida qabul qilinadilar.

Olimpiada fani, tanlovlar bilan oliy ta’lim yo‘nalishlari o‘rtasidagi kasbiy muvofiqlik Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari olimpiadalar, tanlovlar va musobaqalar g‘oliblarining arizalari haqidagi ma’lumotlarni, ta’lim yo‘nalishi, o‘quv shakli va tili ko‘rsatilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi orqali Davlat komissiyasiga 22 iyulgacha bo‘lgan muddatda taqdim etadilar. Davlat komissiyasi 31 iyulgacha g‘olib bo‘lganlar bo‘yicha tegishli vazirliklar, idoralarning taqdimnomasi asosida alohida qaror qabul qiladi.

 

MUDDATLI HARBIY XIZMATNI OTAGAN ABITURIENTLARNI QABUL QILISH

19. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga beriladigan imtiyozlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2005 yil 31 oktyabrdagi PQ-213-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolar uchun respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda test sinovlarida to‘planadigan eng ko‘p ballning 25 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyoz beriladi.

Mazkur qarorga binoan belgilangan imtiyoz harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasiga ega shaxslarga beriladi va O‘zbekiston Respublikasining istisnosiz barcha oliy ta’lim muassasalarida ta’limning hamma yo‘nalishlariga joriy etiladi.

Harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega bo‘lgan, biroq tanlov davomida (test sinovi) kerakli ball to‘play olmagan muddatli harbiy xizmatni o‘tagan abiturientlar o‘qishning pedagogika, qishloq xo‘jaligi, tabiiy-ilmiy va texnik yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.

Harbiy qism qo‘mondonligining to‘planishi mumkin bo‘lgan ballar miqdorining 25 foizini qo‘shish imtiyozi beriladigan tavsiyanomalar bilan hujjat topshirgan fuqarolar ro‘yxatini Davlat test markazi 23 iyulda tasarrufida harbiy qismlar bo‘lgan vazirliklar va idoralarga ikki kun muddatda tasdiqlash uchun taqdim etadi.

Oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tegishli tavsiyanomaga ega bo‘lgan abiturientlar haqidagi ma’lumotlarni ta’lim yo‘nalishi, o‘quv shakli va tili, javoblar varaqasi raqami ko‘rsatilgan holda belgilangan shakllar bo‘yicha Davlat test markazi orqali Davlat komissiyasiga kunduzgi va maxsus sirtqi bo‘limlar uchun 1 avgustda taqdim etadilar.

QABUL QILISH TARTIBI

20. Davlat komissiyasining abiturientlarni oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish to‘g‘risidagi qarori 15 avgustdan kechikmay qabul qilinadi va u oliy ta’lim muassasalarida 20 avgustga qadar abiturientlarni davlat grantlari bo‘yicha talabalar safiga qabul qilish haqidagi buyruqlarni rasmiylashtirish uchun asos bo‘ladi.

To‘lov-kontrakt asosida abiturientlarni o‘qishga qabul qilish yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan o‘qish uchun kontraktda belgilangan mablag‘ miqdori 15 sentyabrdan kechiktirilmay, belgilangan tartibda o‘tkazilgandan so‘ng, oliy ta’lim muassasasining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.

To‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abiturientlarni 2 sentyabrdan boshlab darslarga qatnashishga ruxsat etish to‘g‘risida oliy ta’lim muassasasining buyrug‘i rasmiylashtiriladi.

 

 OLIY TA’LIM MUASSASALARINING BAKALAVRIATIGA TALABALARNI QABUL QILISH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMGA ILOVALAR:

1- ilova: KASBIY (IJODIY) IMTIHONLARNI O‘TKAZISH TARTIBI

Oliy ta’lim muassasalarida yagona ko‘p balli baholash tizimi bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlarni o‘tkazish

TARTIBI

1. Oliy ta’lim muassasalarida yagona ko‘p balli baholash tizimi bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar (keyingi o‘rinlarda — imtihonlar deb ataladi) test sinovlari boshlangunga qadar Davlat komissiyasi belgilagan muddatlarda o‘tkaziladi.

2. Test sinovlariga qo‘shimcha tarzda nazarda tutilgan kasbiy (ijodiy) imtihonlar Davlat komissiyasi tasdiqlagan ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati bo‘yicha o‘tkaziladi.

3. Kasbiy (ijodiy) imtihonlarning bosh maqsadi abiturientlarning tanlangan mutaxassislik bo‘yicha o‘qish va keyinchalik ishlab ketish imkoniyatlarini aniqlash, ularning tanlangan fanlar bo‘yicha bilimlari va malakalari darajalarini, kasbiy ko‘nikmalarini, ijodiy va jismoniy qobiliyatlarini baholashdir.

4. Imtihonlar savollari va topshiriqlarining mazmuni umumiy o‘rta ta’lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari dasturlariga qat’iy muvofiqlashtirilgan bo‘lishi lozim. Sport fanlari bo‘yicha imtihonlar topshiriqlari abiturientlarning alohida toifalari uchun (jinsi va yoshi bo‘yicha) belgilangan me’yoriy talablarga muvofiq tuziladi.

5. Abiturientlardan kasbiy (ijodiy) imtihonlar qabul qilish uchun oliy ta’lim muassasasida fan bo‘yicha imtihon komissiyasi tashkil etiladi.

Oliy ta’lim muassasasida kasbiy (ijodiy) imtihonlarni tashkil etish va o‘tkazish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

  • imtihonlar boshlanishidan bir oy oldin rektorning buyrug‘i bilan oliy ta’lim muassasasida tegishli fanlar bo‘yicha imtihonlarni tashkil etish va qabul qilish masalalari bo‘yicha tajribali, malakali va mas’uliyatli o‘qituvchilar tarkibidan fan bo‘yicha imtihon komissiyasi tashkil etiladi;
  • ayrim hollarda oliy ta’lim muassasasi fan bo‘yicha imtihon komissiyasi tarkibiga boshqa ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining asosiy ish joyi ma’muriyatining tavsiyalariga binoan kiritilishiga yo‘l qo‘yiladi;
  • oliy ta’lim muassasasi idoraviy bo‘ysunishiga qarab vazirlik (idora) bilan kelishgan holda fan bo‘yicha imtihon komissiyasining raisligiga nomzodni o‘z vaqtida tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga taqdim etadi;
  • «Oliy hamshiralik ishi» yo‘nalishi bo‘yicha imtihon komissiyalarining raislari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
  • imtihonlar tasdiqlangan jadvalga qat’iy rioya etilgan holda o‘tkaziladi;
  • imtihonlarga ajratiladigan vaqt oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasining qarori bilan belgilanadi;
  • abiturientlarning yozma shaklda bajargan imtihon ishlarini tekshirish va baholash kirish yozma imtihonlarini tekshirish va baholash uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

6. Imtihonlar test sinovlari majmualaridagi fanning egallagan o‘rniga qarab (tegishli ravishda 75,6 ball yoki 39,6 ball) belgilangan eng ko‘p ballning 0 dan 100 foizgacha bo‘lgan oralig‘ida, yagona ko‘p balli tizim bo‘yicha baholanadi.

Imtihonlarni baholash mezonlari har bir fanga ajratilgan umumiy ballar doirasida, abiturientlarga qo‘yilgan talablarning xususiyatlari hisobga olingan holda, oliy ta’lim muassasasining fan imtihon komissiyasi tomonidan belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan fanlar bo‘yicha yagona dastur va baholash mezonlarini tasdiqlaydi va tegishligiga qarab oliy ta’lim muassasalariga yetkazadi.

Agar imtihon ta’lim yo‘nalishi doirasidagi qator mustaqil fanlar bo‘yicha o‘tkaziladigan bo‘lsa, unda uni baholash uchun belgilangan ballarning umumiy miqdori, har bir fanning xususiyatlari hisobga olingan holda, differensial tartibda, uning tarkibidagi fanlarga bo‘linadi.

Oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi imtihonlar boshlanishidan bir oy oldin abiturientlar e’tiboriga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan imtihon olinadigan fanlar dasturini, ularni baholash mezonlarini, maslahatlar va imtihonlar jadvalini ma’lum qiladi. «Oliy hamshiralik ishi» yo‘nalishi bo‘yicha ushbu tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

7. Imtihonlar yakunlari ballar miqdori sifatida, tanlov tartibida imtihon varaqasiga va imtihon ro‘yxatiga kiritiladi. Bu hujjatlarning har biri fan bo‘yicha imtihon komissiyasi raisi va oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasining mas’ul kotibi tomonidan imzolanadi.

Imtihon qaydnomalari oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan o‘z vaqtida Davlat test markaziga taqdim etiladi.

8. Jadval bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlarga kelmagan abiturientlar test sinovlariga qo‘yilmaydi.

9. Oliy ta’lim muassasasida kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkazilishi davrida belgilangan tartibda norozilik (apellyatsiya) arizalarini ko‘rib chiqish uchun appelyatsiya komissiyasi ishi tashkil etiladi.

 

2- ilova. KIRISH IMTIHONLARINI QABUL QILISH TARTIBI

O‘qitish tojik, qozoq, turkman va qirg‘iz tillarida olib boriladigan ayrim ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarini qabul qilish

TARTIBI

1. Ayrim ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish tojik, qozoq, turkman va qirg‘iz tillarida olib boriladigan oliy ta’lim muassasalarida, Davlat komissiyasi bilan kelishgan holda, qabul ko‘p balli tizim bo‘yicha kasbiy imtihonlar va test sinovlari asosida amalga oshiriladi.

Bu ta’lim yo‘nalishiga arizalar faqat umumiy o‘rta ta’lim muassasasini yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasasini ko‘rsatilgan tillarda bitirgan abiturientlardan qabul qilinadi.

2. Ko‘p balli tizim bo‘yicha kasbiy imtihonlar va test sinovlari asosida qabulni amalga oshiruvchi oliy ta’lim muassasalari ko‘rsatilgan holda o‘qitish tojik, qozoq, turkman va qirg‘iz tillarida olib boriladigan ta’lim yo‘nalishlarining ro‘yxatini, kasbiy imtihonlar va test sinovlari fanlarini Davlat komissiyasi belgilaydi.

3. Savollar mazmuni va imtihonlar topshiriqlari umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi umumta’lim fanlari dasturlariga qat’iy muvofiq bo‘lishi lozim.

4. Abiturientlardan kasbiy (ijodiy) imtihonlarni qabul qilish uchun oliy ta’lim muassasasida belgilangan tartibda fanlar bo‘yicha imtihon komissiyalari tashkil etiladi.

Oliy ta’lim muassasasi idoraviy bo‘ysunishiga qarab vazirlik (idora) bilan kelishilgan holda fanlar bo‘yicha imtihon komissiyalarining raisligiga nomzodlarni o‘z vaqtida tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga taqdim etadi.

Imtihonlar tasdiqlangan jadvalga qat’iy rioya etilgan holda o‘tkaziladi.

Imtihonlarga ajratiladigan vaqt oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasining qarori bilan belgilanadi.

5. Imtihonlar test sinovlari majmualaridagi fanning egallagan o‘rniga qarab (tegishli ravishda 111,6 ball, 75,6 ball yoki 39,6 ball) belgilangan eng ko‘p ballning 0 dan 100 foizgacha bo‘lgan oralig‘ida, yagona ko‘p balli tizim bo‘yicha baholanadi.

Imtihonlarni baholash mezonlari, har bir fanga ajratilgan umumiy ballar doirasida, oliy ta’lim muassasasining imtihon komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi imtihonlar boshlanishidan bir oy oldin, abiturientlar e’tiboriga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan imtihon olinadigan fanlar dasturi, ularni baholash mezonlari, maslahatlar va imtihonlar jadvalini ma’lum qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan fanlar bo‘yicha yagona dastur va baholash mezonlarini tasdiqlaydi va tegishligiga qarab oliy ta’lim muassasalariga yetkazadi.

6. Imtihonlar yakunlari ballar miqdori sifatida, tanlov tartibida imtihon varaqasiga va imtihon ro‘yxatiga kiritiladi. Bu hujjatlarning har biri fan bo‘yicha imtihon komissiyasi raisi va oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasining mas’ul kotibi tomonidan imzolanadi.

Imtihonlar natijalariga ko‘ra, oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi belgilangan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tasdiqlangan o‘rinlar kvotasiga tanlov o‘tkazadi.

7. Jadval bo‘yicha imtihonga kelmagan abiturientlar navbatdagi imtihonni topshirishga kiritilmaydi.

8. Oliy ta’lim muassasasida kasbiy imtihonlar o‘tkazilishi davrida belgilangan tartibda norozilik (appelyatsiya) komissiyasining ishi tashkil etiladi.

9. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar adolatli va xolisona o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha shaxsiy mas’uliyat oliy ta’lim muassasasi rektori va qabul komissiyasi mas’ul kotibi zimmasiga yuklanadi.

  

3- ilova. KO‘ZI OJIZ ABITURIENTLARNI QABUL QILISH TARTIBI

Oliy ta’lim muassasalariga ko‘zi ojiz abiturientlarni qabul qilish

TARTIBI

1. Ko‘zi ojizlar toifasiga maxsus maktab-internatlar tomonidan ko‘zi ojizlar uchun berilgan yetuklik attestatiga ega bo‘lgan abiturientlar kiradi.

2. Ko‘zi ojiz abiturientlar oliy ta’lim muassasalariga kirish chog‘larida kirish imtihonlarini ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan test sinovlari uchun belgilangan fanlar majmuasiga mos keluvchi ko‘p balli yoki ularga keltirilgan besh balli baholash tizimi bo‘yicha, an’anaviy uslubda topshiradilar.

3. Fanlar bo‘yicha kirish imtihonlarini o‘tkazish shakli (yozma yoki og‘zaki) O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan belgilanadi.

4. Ko‘zi ojiz abiturientlar bilan tushuntirish ishlarini olib borish uchun oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan maxsus mas’ul xodim ajratiladi.

5. Oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi kirish imtihonlarini o‘tkazish uchun fanlar bo‘yicha komissiyalarni tashkil etadi.

6. Fan bo‘yicha kirish imtihonlarining dasturlari umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi umumta’lim fanlari dasturlariga to‘la muvofiq holda tuziladi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

7. Kirish imtihonlarini o‘tkazuvchi komissiya tarkibiga ko‘zi ojizlar yoki nogironlar jamiyatining vakili kiradi.

8. Oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari ko‘zi ojiz abiturientlar uchun kirish imtihonlari fanlari bo‘yicha maxsus tuzilgan jadvalga binoan maslahatlar tashkil etadilar.

9. Ko‘rsatilgan abiturientlar toifasi uchun kirish imtihonlari oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan 26 iyulga qadar o‘tkaziladi.

10. Mazkur toifaga kiradigan abiturientlar va kirish imtihonlari natijalari haqidagi ma’lumotlar 27 iyulga qadar Davlat komissiyasiga va Davlat test markaziga topshiriladi.

11. Kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan abiturientlar Davlat komissiyasi bilan kelishilgan holda, oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi majlisining bayonnomasi va oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i bilan tanlovsiz davlat grantlari asosida qabul qilinadilar.

 

MAGISTRATURASIGA QABUL QILISH TARTIBI TO‘G‘RISIDA NIZOM

Oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga qabul qilish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

I. UMUMIY QOIDALAR

1. Ushbu Nizom «Ta’lim to‘g‘risida» va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga (keyingi o‘rinlarda Magistratura deb yuritiladi) talabalarni qabul qilish tartibini belgilaydi.

Ushbu Nizom harbiy ta’lim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

2. Magistraturaga qabul oliy ta’lim muassasalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan davlat grantlari va to‘lov-kontrakt asosida qabul kvotalariga muvofiq amalga oshiriladi.

3. Magistraturaga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Davlat komissiyasi) tomonidan kirish sinovlari natijalariga ko‘ra, to‘plangan ballarning reyting tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Magistraturaga qabul tegishli ta’lim yo‘nalishi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan belgilangan turdosh (magistraturaga qabul bo‘yicha) oliy ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati bo‘yicha bakalavr darajasiga yoki diplomli mutaxassis malakasiga ega bo‘lgan shaxslar o‘rtasida tanlov asosida amalga oshiriladi.

Bakalavr darajasiga yoki diplomli mutaxassis malakasiga ega bo‘lgan shaxslar turdosh ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxatidagi ixtisosliklarning birida tanlovda qatnashish huquqiga egalar.

Magistraturaga qabul barcha uchun (ham grantlar, ham to‘lov-kontrakt bo‘yicha) teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, kirish sinovlarida eng yuqori ball to‘plagan abiturientlarning davlat grantlari bo‘yicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi ta’minlanadi. Qolgan abiturientlar ballar reytingi asosida belgilangan to‘lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar.

Tanlov har bir oliy ta’lim muassasasi bo‘yicha magistrlik mutaxassisligi, o‘qitish tili va shakliga ko‘ra alohida o‘tkaziladi.

4. Kirish sinovlari uch tilda — o‘zbek, rus, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi oliy ta’lim muassasalarida qoraqalpoq tillarida o‘tkaziladi.

Magistraturada o‘qitish tili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan qabul ko‘rsatkichlari doirasida hujjatlar qabul qilinishiga qadar vazirliklar va idoralar tomonidan belgilanadi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

5. Abiturientlar magistraturaga kirish sinovlarini oliy ta’lim muassasasida o‘qiydigan tilda topshiradi.

6. Magistraturaga qabul qilish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibga muvofiq joriy o‘quv yili uchun tayinlangan oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi zimmasiga yuklanadi va magistraturaga qabul qilish ishlari bo‘yicha qabul komissiyasi mas’ul kotibining o‘rinbosari tayinlanadi.

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari va nomli davlat stipendiyalari sovrindorlari oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga bakalavriatning ta’lim yo‘nalishiga mos mutaxassisliklarga tanlovdan tashqari davlat granti asosida qabul qilinadilar.

II. XORIJIY FUQAROLARNI QABUL QILISH

8. Magistraturaga xorijiy fuqarolarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida» 2008 yil 4 avgustdagi 169-son qarori hamda

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida amalga oshiriladi.

III. HUJJATLARNI QABUL QILISH TARTIBI

9. Magistraturaga kirish imtihonlari boshlanishidan bir oy avval, oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi magistraturaga qabul qilish muddatlari, mutaxassisliklar nomlari va ajratilgan o‘rinlar haqidagi axborotni belgilangan tartibda e’lon qiladi.

10. Magistraturaga kirishda abiturientlar (bakalavr darajasiga ega bo‘lganlar, diplomli mutaxassislar) oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

  • magistratura mutaxassisligi ko‘rsatilgan holda, oliy ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza;
  • oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatning asl nusxasi (yoki diplomdan ko‘chirma — O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarini davlat granti bo‘yicha o‘qib tugatganlar uchun) hamda unga ilova;
  • 3.5 x 4.5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;
  • 086-U — shakldagi tibbiy ma’lumotnoma;

11. Hujjatlar 1 iyuldan 30 iyulgacha qabul qilinadi.

12. Hujjatlar taqdim etilishi jarayonida abiturientlar pasport va harbiy xizmatga aloqadorlik haqidagi hujjatlarini shaxsan ko‘rsatadilar.

13. Ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar mavjud bo‘lganda oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi abiturientning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.

IV. KIRISH SINOVLARI

14. Magistraturaga kirish sinovi umumiy ballari quyidagilardan tashkil topadi:

  • magistraturaga kirishda tanlagan mutaxassislik bo‘yicha bilim darajasini belgilovchi maxsus fanlardan sinov o‘tkaziladi (baholash mezoni 0 balldan 150 ballgachani tashkil etadi);
  • demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti asoslari bo‘yicha sinov o‘tkaziladi (baholash mezoni 0 balldan 50 ballgachani tashkil etadi).
  • Oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisining umumiy reytingi yoki o‘zlashtirish ko‘rsatkichi (o‘zlashtirish tegishli ravishda 55 balldan 100 ballgacha bo‘lgan diapazonda ifodalanadi) aniqlanadi.

Magistraturaga o‘qishga kirishda eng ko‘p to‘planishi mumkin bo‘lgan (maksimal) ball — 300 ni tashkil etadi.

15. Abiturientlar quyidagi fanlardan yozma (yoki ijodiy) kirish sinovlari (maxsus test sinovlari) topshiradilar:

  • magistratura mutaxassisligiga muvofiq keluvchi ta’lim yo‘nalishining maxsus fanlari;
  • demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti.

16. Kirish sinovlari (maxsus test sinovlari) o‘tkazish shakli va fanlar bo‘yicha sinov dasturlari hamda abiturientlarning bilimlarini baholash mezonlari oliy ta’lim muassasasining rektori tomonidan tegishli vazirliklar, idoralar va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi va kirish sinovlari boshlanishidan bir oy avval abiturientlar e’tiboriga yetkaziladi.

Demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti kursi bo‘yicha yagona dastur va baholash mezonlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi va tegishli oliy ta’lim muassasalariga yetkaziladi.

17. Kirish sinovlari (maxsus test sinovlari) 3 - 10 avgust kunlari o‘tkaziladi.

18. Kirish sinovlari (maxsus test sinovlari) o‘tkazilishiga qadar, oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan sinov fanlari bo‘yicha maslahatlar tashkil etiladi. Maslahatlar jadvali oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan ishlab chiqiladi va rektor tomonidan tasdiqlanadi.

19. Kirish sinovlarini o‘tkazish uchun rektorning buyrug‘i bilan har bir sinov fanlari bo‘yicha komissiyalar tashkil etiladi. Fanlar bo‘yicha komissiya raislari, oliy ta’lim muassasasining idoraviy bo‘ysunishiga qarab, vazirliklar va idoralar tomonidan tasdiqlanadi.

20. Sinov fanlari bo‘yicha komissiya tarkibi oliy ta’lim muassasasining yetuk va tajribali professor-o‘qituvchilari tarkibidan tashkil etiladi. Zarur hollarda uning tarkibiga boshqa oliy ta’lim muassasasining o‘qituvchilari ham jalb etilishi mumkin.

21. Sinov fanlari bo‘yicha komissiya raislari zimmasiga quyidagi mas’uliyat yuklanadi:

  • kirish sinovlari sifatli o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida komissiya tarkibiga malakali, talabchan va adolatli professor-o‘qituvchilarni jalb etish;
  • komissiya a’zolarining vazifalarini belgilash (maslahatlar berishni tashkil etish, imtihon savollarini tuzish, javoblarni baholash mezonlarini ishlab chiqish va boshqalar);
  • sinov jarayoniga rahbarlik qilish va nazorat etish.

22. Fanlar bo‘yicha sinovlarni o‘tkazish tartibi (o‘qituvchilarni auditoriyalarga taqsimlash, javoblarni shifrlash hamda tekshirish va hokazolar) oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan belgilanadi.

23. Kirish sinovlarining natijalari, baholash mezonlariga muvofiq ball bilan belgilanadi va qaydnomalarga kiritiladi. Qaydnomalar fan bo‘yicha imtihon komissiyasining a’zolari, qabul komissiyasining mas’ul kotibi tomonidan imzolanadi va qabul komissiyasining raisiga taqdim etiladi.

24. Oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilingan abiturientlarning sinov ishlari ularning shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildlariga tikib qo‘yiladi.

O‘qishga qabul qilinmaganlarning sinov ishlari 6 oy davomida saqlanadi, so‘ng belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.

25. Kirish sinovlari (maxsus test sinovlari)ni qayta topshirish man etiladi.

26. Oliy ta’lim muassasasida belgilangan tartibda apellyatsiya (norozilik) komissiyasining ishi tashkil etiladi.

Abiturient sinov natijasidan norozi bo‘lgan taqdirda, sinov natijalari e’lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat davomida sinov ishini apellyatsiya qilish haqidagi ariza bilan oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi raisi yoki apellyatsiya (norozilik) komissiyasi raisiga murojaat etishi mumkin. Apellyatsiya haqidagi arizani ko‘rib chiqish muddati ikki kundan oshmasligi lozim.

27. Magistraturaga ko‘zi ojiz abiturientlarni qabul qilish Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 3-ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.

V. ABITURIENTNI TO‘LOV-KONTRAKT ASOSIDA QABUL QILISH VA O‘QISH UCHUN TO‘LOV TARTIBI

28. Magistraturaga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilagan qabul kvotalari doirasida yagona qabul qoidalari asosida kirish sinovlarining ballar reytingi bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Abiturientlarni to‘lov-kontrakt asosida magistraturaga tavsiya etish to‘g‘risida Davlat komissiyasining qarori qabul qilingandan keyin oliy ta’lim muassasasi bilan yuridik yoki jismoniy shaxslar o‘rtasida belgilangan tartibda kontrakt rasmiylashtiriladi.

Belgilangan namunadagi kontrakt blankalari oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan sinov natijalari e’lon qilingan kundan boshlab beriladi va yuridik shaxslar uchun rahbar va bosh buxgalter tomonidan imzolangan holda 3 nusxada, jismoniy shaxslar uchun 2 nusxada rasmiylashtiriladi.

Davlat komissiyasi tomonidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan abiturientlar uchun to‘lov har yili kontrakt shartlarida ko‘rsatilgan muddatlarda amalga oshiriladi.

Kontrakt shartlari va tomonlarning majburiyatlari, ularni amalga oshirish tartibi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

 

VI. O‘QISHGA QABUL QILISH TARTIBI

29. Davlat komissiyasining oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul qilish to‘g‘risidagi qarori 20 avgustdan kechikmay qabul qilinadi va u oliy ta’lim muassasalarida 25 avgustga qadar abiturientlarni davlat grantlari bo‘yicha talabalar safiga qabul qilish haqidagi oliy ta’lim muassasalari rektorlarining buyruqlarini rasmiylashtirish uchun asos bo‘ladi.

Davlat komissiyasining oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul qilish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan o‘qish uchun belgilangan mablag‘ miqdori 15 sentabrdan kechiktirilmay, belgilangan tartibda o‘tkazilgandan so‘ng, oliy ta’lim muassasasining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.

VII. MAGISTRATURADA O‘QISH MUDDATI

30. Magistraturada o‘qish muddati kamida 2 yil.

VIII. YAKUNLOVCHI QOIDA

31. Mazkur Nizomda belgilangan masalalar bo‘yicha nizolar qonun hujjatlariga muvofiq hal qilinadi.

 

 

TALABALAR O‘QISHINI KO‘CHIRISH, QAYTA TIKLASH NIZOMI

Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

I. UMUMIY QOIDALAR

1. Mazkur Nizom «Ta’lim to‘g‘risida», «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibini belgilaydi.

2. Ushbu Nizomning amal qilishi harbiy oliy ta’lim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

3. Talabalar o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, odatda, yozgi ta’til davrida, tegishli kurs (semestr)da o‘quv mashg‘ulotlari boshlanishiga qadar amalga oshiriladi.

4. Talabalar safidan chetlashtirish mazkur Nizomda belgilangan hollarda oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.

5. Talabalar o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash quyidagilarning:

  • oliy ta’lim muassasalari;
  • tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar;
  • O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi qoshidagi Talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash idoralararo komissiyasi (keyingi o‘rinlarda - Idoralararo komissiya deb yuritiladi) qarorlari asosida amalga oshiriladi.

Idoralararo komissiya O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Davlat komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan tashkil etildi.