Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektorining bitiruvchi talabalar, magistrlar va klinik ordinatorlarga murojaati
2020 yil 3 aprel kuni bo’lib o’tgan videoselektorda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoev yana bir bor xalqimizga murojaat qildi. Prezident o’z murojaatida talaba va o’quvchi-yoshlarga ham to’htaldi:
“Men bugungi kunda uy sharoitida tahsil olayotgan talaba va o’quvchi yoshlarimizga murojaat qilmoqchiman:
Aziz farzandlarim, uyda vaqtingizni bekor o’tkazmang! Onlayn darslarni qunt bilan o’zlashtiring. Kitob o’qing, bilimingizni oshiring, badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmang”.
Haqiqatdan ham bugun bizning talabalarimiz masofada tahsil olmoqdalar. Tibbiyot oliygohlarni yakunlovchi talaba, magistr va klinik ordinatorlar esa nafaqat bilimga ega bo’lishi, balki hozirgi epidemiologik vaziyatda amaliy tibbiyotga o’z hissasini qo’shishi kerakdir.
O’zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo’yicha respublika mahsus komissiyasining 2020 yil 31 martdagi 14-son yig’ilish bayonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida va O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirining 2020 yil 31 martdagi 97-sonli buyrug’iga asosan:
– Toshkent pediatriya tibbiyot instituti bakalavriatining “Pediatriya ishi”, “Davolash ishi” va “Kasbiy ta’lim (davolash ishi)” ta’lim yo’nalishlarining, shuningdek, magistratura va klinik ordinatura (rezidentura) bitiruvchilarini mos ravishda ishlash uchun 2020 yil 20 aprelidan tibbiyot muassasalariga yuborilishi;
– 2020 yil 20 aprelgacha ishga taqsimlash va ishga joylashtirish bo’yicha shartnomalar tuzilishi, bitiruvchilarni mutahassisligiga mos ravishda ishga joylashishi;
– yakuniy Davlat attestaciyalarini onlayn shaklda 2020 yil 10 aprelidan 2020 yil 20 apreliga qadar o’tkazilishi;
– bitiruvchi kurs talabalarining to’lov-kontrakt to’lovlari va stipendiyalari aprel oyi uchun to’liq amalga oshirilishi belgilab qo’yilgan.
Aziz institutimiz bitiruvchilari!
Yuqoridagi ma’lumotlarni inobatga oligan holda, bugungi kunda mamlakatimizda koronavirus pandemiyasini keng tarqalib ketishini oldini olish maqsadida jonbozlik ko’rsatib, barchamiz uchun bebaho boylik bo’lmish inson hayoti va salomatligini saqlashga o’z hayotingizni bag’ishlab, sharafli shifokorlik burchingizni oqlab, xalqimiz oldida turgan sinovda o’zingizni munosib ekanligingizni ko’rsatib, o’zingizning iste’dod, malaka va kasb mahoratingizni ayamasdan bajaraliyotgan ishlarga bo’lg’usi mutahassis sifatida хalqimiz sog’ligi yo’lida to’g’ri yondoshib mehnat qilasizlar deb o’ylayman.
Oldingizga qo’yilayotgan vazifalarni, ya’ni yakuniy davlat imtihonlari onlayn o’tkazilishida adolat bilan o’z vaqtida muvaffaqiyatli topshirishni, belgilangan muassasalarda mutahassisligingiz bo’yicha halqimizga sifatli tibbiy yordamni ko’rsatishni vijdonan bajarishingizga ishonaman.
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori, professor B.T.Daminov