Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektorining bitiruvchi talabalar, magistrlar va klinik ordinatorlarga murojaati
Hurmatli bitiruvchilar!
Bugun butun halqimiz o’z boshidan sinovli kunlarni katta sabr bilan o’tkazib, ko’rinmas yovga qarshi kurash olib bormoqda. Bu borada muhtaram Prezidentimiz, Hukumatimiz, mutasaddi tashkilot vakillari hamda jonbozlik ko’rsatayotgan shifokorlar kunu-tun o’z jonlarini havf ostiga qo’yib mehnat qilib kelmoqdalar.
Shu bilan birga, O’zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo’yicha Respublika mahsus komissiyasining 2020 yil 31 martdagi 14-son yig’ilish bayonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash to’g’risidagi O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirining 2020 yil 31 martdagi 97-sonli buyrug’iga muvofiq, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti bakalavriati, shuningdek, magistratura va klinik ordinatura (rezidentura) bitiruvchilarini ishlash uchun 2020 yil 20 aprelidan tibbiyot muassasalariga yuborilishi ko’zda tutligan.
Fursatdan foydalanib, avvalo, barchangizni davlat imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirganingiz va bizning oliygohimizni tamomlaganingiz bilan chin dildan tabriklayman. Bugun siz hayotingizda yangi qadam qo’ymoqdasiz va o’z mehnat faoliyatingizni shifokor-mutahassis sifatida tibbiyot muassasalarida boshlash arafasida turibsizlar.
Shu o’rinda, shifokor sifatida, ushbu vaziyatda Respublika mahsus komissiyasining qarorida ko’rsatib o’tilgan vazifalarga hayrihohlik bilan labbay, deb javob berishlaringizni, tengdoshlar va hamkasblaringizga ibrat bo’lishlaringizni so’rab qolaman. Aholimiz salomatligini muhofaza qilish yo’lida buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino bobomizning munosib vorislari sifatida bor bilim va tajribalaringizni ayamay, fidoyilik va jasorat ko’rsatib, sabr-toqat bilan barchadan bir saf oldinda turib, shifokorlik burchingizgi ado etib, o’z faoliyatingizda jonbozlik ko’rsatib halqimiz hizmatiga kamarbasta bo’lishlaringizga chaqiraman.
Zero, salomatlik inson uchun ulug’ ne’matdir. Shu sababli ham shifokorlik kasblar ichra eng sharaflisi deya, e’tirof etiladi. Darhaqiqat, inson hayotiga dahldor bo’lgan o’ta ma’suliyatli kasbni zimmasi olgan, bu yo’lda fidoyilik bilan mehnat qilib kelayotgan har bir tibbiyot hodimi e’zozga munosibdir.
Oldingizga qo’yilayotgan vazifalarni vijdonan bajarishingizga, shifokorlik burchingizni ado etib, halqimiz oldida turgan sinovda o’zingizni munosib ekanligingizni ko’rsatib, belgilangan muassasalarda, soha mutaxassisi sifatida, aholimiz salomatligini mustahkamlashga katta hissa qo’shishingizga ishonaman.
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori,
professor B.T.Daminov