Senatorlar yangi tahrirdagi «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunni ma’qulladilar. Unda davlat organlari vakolatlariga aniqlik kiritilib, ta’lim shakllari, pedagoglar, ta’lim oluvchilar va ota-onalarning huquq va majburiyatlari belgilandi.

Oliy Majlis Senatining videokonferensaloqa tarzida bo‘lib o‘tayotgan oltinchi yalpi majlisida «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahririni ma’qulladi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar qildi. Qonunning amaldagi tahriri 1997 yilda qabul qilingan.

Hujjatda davlat ta’lim muassasasi, davlat ta’lim standartlari, nodavlat ta’lim tashkiloti, mutaxassislik va boshqa tushunchalarga aniqlik kiritildi.

Qonun bilan maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’limning turi hisoblanishi, bolalarni o‘qitish va tarbiyalash, ularni intellktual, ma’naviy-ma’rifiy, etik, estetik va jismoniy rivojlantirish, shuningdek, bolalarni umumiy o‘rta ta’limga tayyorlashga yo‘nalgani belgilandi.

Qonunda ta’lim shakllari sifatida dual (kasbiy), masofaviy va inklyuziv ta’lim, mustaqil ta’lim, eksternat tartibida o‘qitish va boshqalar sanab o‘tildi.

Hujjat bilan ta’lim sohasida Vazirlar Mahkamasi, hukumat huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat davlat inspeksiyasi, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi, shuningdek, joylardagi vakolatli organlari va davlat hokimiyati organlari vakolatlariga aniqlik kiritildi.

Qonunda pedagogik xodimlarning huquqiy maqomi, ular faoliyati kafolatlari va majburiyatlari belgilab qo‘yildi. Bundan tashqari, unda ota-onalar va ta’lim oluvchilarning huquq va majburiyatlari, ta’lim oluvchilar va pedagoglarni ijtimoiy himoya qilish mezonlari ham mustahkamlandi.

Qonun kuchga kirishi uchun prezident tomonidan imzolanishi kerak.