1991 yil 18 noyabr kuni mamlakatimizda «O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i to’g’risida» gi Qonun qabul qilingan. Unda davlat bayrog’i mamlakitimizning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi ramz ekanligi ta’kidlangan. Joriy yil O’zbekistonda Davlat bayrog’i qabul qilinganligining 29 yilligi nishonlanmoqda.
O’zbekiston Davlat bayrog’idagi har bir rang va belgi chuqur ma’noga ega. Moviy rang – musaffo osmon va suv ramzidir, oq rang – tinchlik va poklik ramzidir, yashil rang – yangilanish va yoshlikni anglatadi, O’zbekistonning betakror tabiatini aks ettiradi, qizil chiziqlar – tomirlarimizda oqayotgan qon, erkinlikni sevuvchi ajdodlarimizni eslatadi, hayotiy kuch va abadiylik ramzidir.
Yarim oy mamlakatda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni, shu bilan birga – O’zbekiston tarixida boshlangan yangi davrni anglatadi. 12 yulduz – tiniq, bulutsiz osmon, mukammallik, donolikning 12 fazilati ramzi.
O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’i O’zbekiston Respublikasi delegatsiyalarining xorijiy davlatlarga rasmiy tashriflari chog’ida, mamlakatimizning chet eldagi elchixonalari va xalqaro tashkilotlarda vakolatxonalariga kiraverishda, xalqaro forumlar va anjumanlarda, sport musobaqalarida hilpirab turadi. Ushbu muqaddas ramz O’zbekistonda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik timsoli sifatida g’urur bilan davlat muassasalari, turar joylar, korxona va tashkilotlar, o’quv muassasalari binolarida hilpirab turadi.
Tarixiy qadriyatlar asosida yaratilgan va o’tmishimiz, bugungi kunimiz va kelajagimiz ramzi bo’lgan Davlatimiz bayrog’ida biz ona suti, uning beshik kuylari va buyuk ajdodlar ta’limoti bilan singdirgan ulkan milliy kuch, yuksak aql va iroda mavjud.
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti jamoasi barcha vatandoshlarni O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i qabul qilingan kuni bilan chin qalbdan tabriklaydi.
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Matbuot xizmati