Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan bir qator umumiy o’rta ta’lim maktablari bilan hamkorlik to’g’risidagi memorandum imzoladi.
2020 yil 26 noyabr kuni Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori, professor Daminov B.T. poytaxtning Yashnobod tumani hamda Toshkent viloyatining Yangiyo’l tumani umumiy o’rta ta’lim maktablari direktorlari bilan uchrashuv o’tkazdi.
Institut rektori Daminov B.T. va biriktirilgan maktab rahbarlari bilan o’tkazilgan suhbatda umumiy o’rta ta’lim maktablarda tahsil olayotgan o’quvchilarning ilm-fan va kasb-hunarga bo’lgan qiziqishini kuchaytirish, institut professor-o’qituvchilarining ilmiy-pedagogik salohiyati va tajribalaridan samarali foydalangan holda ilg’or o’qitish uslublarini maktablaridagi ta’lim jarayoniga mos ravishda tatbiq etish va maktab bitiruvchilarini oliy va o’rta maxsus ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirishlarining ahamiyati kabi muhim va dolzarb vazifalarni hamkorlikda amalga oshirish haqida tomonlar o’z fikrlarini bildirdilar.
Uchrashuv davomida umumta’lim maktablar rahbarlari institutning moddiy-texnik va o’quv-uslubiy bazasi bilan tanishdilar.
Uchrashuv yakunida Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan 12 ta umumiy o’rta ta’lim maktablari o’rtasida hamkorlik to’g’risidagi memorandum imzolash marosimi bo’lib o’tdi.