Bugungi kunda sun’iy intellekt va ma’lumotlarni tahlil qilish texnologiyalari inson hayotining sifatini oshirishi mumkin bo’lgan turli xil vazifalarni hal qilishga imkon beradi. Bir necha yil oldin imkonsiz tuyulgan yechimlar endi biz har kuni foydalanadigan mahsulot va xizmatlarga singib ketgan.

Leader ID loyihasida xar yili «Весенний навигатор НТИ» nomli konferensiya tadbiri o’tkazib kelinadi. Bu yilgi vorkshop «Sun’iy intellekt va axborot tahlili texnologiyalari yordamida ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun masalani qanday qo’yish kerak» mavzusiga bag’ishlandi.

ASI – World AI & Data Challenge raqamli yechimlar xalqaro tanlovi doirasida qashshoqlik muammosi, toshqin paytida suv sathini bashorat qilish, daryo ifloslanishini tahlil qilish, yo’l-transport hodisalarini bashorat qilish, tibbiy xizmat sifatini baholash kabi turli xil masalalarni tahlil qilishga yordam beradigan yechimlar ishlab chiqilgan. Loyihani amalga oshiruvchi mutaxassis uni hal qilishni istashi uchun qanday qilib masalani to’g’ri shakllantirish kerak? Yechim gipotezalarini qanday shakllantirish va ma’lumotlarni qayerdan topish mumkin? Raqamli mahsulotlarni amalga oshirish uchun nima kerak? Qanday omillar ahamiyatli? Vorkshopda aynan shu savollar muhokama qilindi.

Vorkshop davomida Toshkent Pediatriya Tibbiyot Instituti Innovatsiya Markazi mutaxassislari tomonidan taklif qilingan «Yurak qon-tomir kasalliklariga chalingan bemorlarni masofadan nazorat qilish tizimini ishlab chiqish» masalasi va ma’lumotlar muhokama qilindi. Ma’lumotlar tahlili bo’yicha mutaxassis bu borada masala qanday qo’yilgani, qanday ma’lumotlar zarurligi, nimalarga katta e’tibor qaratish kerakligi kabi masalaning o’zini avval qay darajada to’g’riligiga bog’liq barcha ma’lumotlarga e’tiborini qaratdi, ToshPTI mutaxassisi tomonidan taklif etilgan masalaga ekspert o’z bahosini berdi va shu bilan birga o’z tavsiyasi va maslahatlari bilan bo’lishdi. Tadbirni olib boruvchi mutaxassisning so’zlariga ko’ra, to’g’ri ishlab chiqilgan masala natijaning 70% deganidir.

Shuni aytib o’tish joizki, telemeditsina bilan bog’liq va dolzarb bo’lgan bu tibbiyot sohasidagi innovatsion g’oya mutaxassislarni o’ziga jalb qildi va kelgusida amalga oshirilishi mumkin.