Hurmatli institutimiz jamoasi!
Qadrli professor-o’qituvchilar va aziz talabalar!
Sizlarni muborak Qurbon Hayit bayrami munosabati bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Hajru-ehson, mehr-oqibat, insonparvarlik singari azaliy an’ana va qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda keng targ’ib etish, xalqimizning ezgu niyat va orzu-intilishlarini qo’llab-quvvatlash mohiyatini mujassam qilgan bayram barchamizga muborak bo’lsin!
Barchamizga ma’lumki, bugun butun dunyo bo’ylab koronavirus kasalligi avj olmoqda. Bugungi sinovli kunlarda xalqimiz bir tanu, bir jon bo’lib, dunyo xalqlari boshiga kelgan ushbu kasallikka sabr-matonat, hamjihatlik bilan kurashmoqda.
Kun-u tun tik oyoqda turib, o’z salomatliklarini hatarga qo’yib ishlab bemorlarni davolashda davom etayotgan xalq qahramonlari – shifokorlar va tibbiyot xodimlariga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bugun uyiga borolmay, ish joyida qolishga majbur bo’layotgan barcha-barchaga ming rahmat.
Bugun pandemiya va iqtisodiy jarayonlarga qaramasdan mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, xalqimizning farovon hayoti, jondan aziz farzandlarimizning baxtu iqbolini ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Bu jarayonda munosib ishtirok etish maqsadida ustozlarimiz ham o’z shaxsiy hayoti, ijtimoiy faoliyatdagi ibrati bilan yoshlarni fidoyi va vatanparvar etib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratmoqdalar. Yaratilayotgan sharoitlar, berilayotgan e’tibor natijasida talaba-yoshlarimiz ham o’z tashabbus va intilishlari bilan jamiyat hayotida o’z o’rniga ega bo’layotir.
Erishilayotgan yutuqlar o’zimizniki, oldimizda biz uchun noodatiy sharoitda faoliyat yuritish va tahsil olish kabi murakkab vaziyat turibdi. Yangi o’quv yiliga hozirgi sharoitda duch kelingan muammoli vaziyatlardan kelib chiqib, o’quv jarayonlarini tashkil etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bugungi fayzli kunlarda qilinayotgan duolar va hamjihatlikda olib boriladigan ishlarimiz bizni ushbu murakkab vaziyatdan olib chiqishda muhim omildir.
Yana bir bor barchangizni o’z nomimdan Qurbon Hayit bayrami bilan muborakbod etaman!
Oilalaringizga, joamizga baxt-saodat, tinchlik va hotirjamlik tilayman! Barchamizni yuksak insonparvarlik va fidoyilik fazilatlari tark etmasin! Barcha ezgu niyatlar ro’yobga chiqsin!
Xalqimiz farovonligi, Vatanimiz tinchligi yo’lidagi ezgu ishlarimiz muvaffaqiyatli bo’lsin.
Jonajon Vatanimiz, honadonlarimizdan tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka hech qachon arimasin!
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori, professor B.T.Daminov