2022 yil 11 yanvar kuni Toshkent pediariya tibbiyot institutida “Raqobatbardosh va zamonaviy tibbiy kadrlarni tayyorlashdagi ustuvor vazifalar” mavzusida o‘quv – ilmiy seminar-anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbir maqsad va vazifalari – institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, xodimlari uchun oʻz kasbiy mahoratini oshirish, erishilgan natijalarni muhokama qilish, o’quv-uslubiy ishlari samaradorligini oshirish, yangicha tartibda ishlash bo‘yicha o‘zaro fikr almashish hamda talabalarni ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar va o‘zgarishlar bilan tanishtirishdir.

Anjumanda 2021-yil 24-dekabrda davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan oliy ta’lim tizimini tub ijobiy oʻzgarishlarga olib keladigan oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy, akademik va tashkiliy-boshqaruvda mustaqillik berish borasidagi 2 ta tarixiy qarorlarning mazmun-mohiyati, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti xodimlarining akademik mustaqillik va tashkiliy boshqaruvga o‘tishda o‘quv-uslubiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha oldida turgan vazifalar, QS, THE, AWEE kabi xalqaro nufuzli reytinglarning top-1000, top-500 talik ro‘yxatlaridan joy olish uchun talab va mezonlarini o‘rganish hamda institutni reytinglarga kirish borasida oldida turgan vazifalar, kredit-modul tizimini o‘quv jarayoniga tadbiq etish, sog‘liqni saqlashda sun’iy intilektdan foydalanish, oliy tibbiy ta’limda simulyatsion o‘qitishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Onlayn va oflayn tarzda bo‘lib o‘tgan anjumanda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, xodimlari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Anjuman tibbiy ta’limga oid muhim masalalarni muhokama qilish, tajriba almashish, institutda ta’lim jarayonini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish uchun ajoyib maydonga aylandi. Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan tegishli qaror qabul qilinib, anjuman ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi.

@daminovbotirturgunpulatovich
@tashpmi_press