Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda tibbiy ta’limga doir asossiz ma’lumotlar tarqaldi. Lekin bugungi kunda tibbiy ta’lim sohasida qator samarali ishlar amalga oshirilib kelindi. Ushbu islohotlar orqali Toshkent pediatriya tibbiyot institutida so’nggi paytlarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar keltirilmoqda.
Bugun oliy tibbiy ta’limga alohida e’tibor qaratilib, bu boradagi natijalarimiz yil sayin ijobiy tomonga o‘zgarib bormoqda. Yangi O‘zbekistonda tibbiy oliy ta’lim muassasalari ham yangi qiyofaga ega bo‘lmoqda. Ulardan biri Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hisoblanadi.
Mazkur institut Markaziy Osiyodagi eng yirik ta’lim maskanlaridan hisoblanib, qariyb 50 yil davomida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Institutda yaratilgan sharoitlardan oqilona foydalangan holda kadrlarni tayyorlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilib, unga muvofiq, quyidagi o‘zgarishlarga erishildi:
Avvalo, institutda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar samaradorligi oshirish maqsadida nafaqat Scopus bazasiga, balki Web of Science, JSTOR, Hinari, GEOTAR, RINS kabi 6 ta xalqaro umume’tirof etilgan ilmiy ma’lumotlar bazalaridan foydalanish imkoniyatlari yaratildi.
Shu bilan birga, institutda ilmiy infratuzilma shakllangan va o‘z ichiga ohirgi besh yil ichida jahon andozasiga mos ravishda va zamonaviy laborator asbob-uskunalar bilan jihozlangan institut hamda hamkorlikdagi ixtisoslashtirilgan ilmiy va ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarning ilmiy laboratoriyalarini olgan. Bu o‘z navbatida ilmiy tadqiqotlardan olingan ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlaydi.
Alohida ta’kidlash joizki, xalqaro ilmiy ma’lumotlar bazalariga kirgan ilmiy jurnallarda o‘z ilmiy ishini chop ettirish mexanizmilari va ayniqsa antiplagiatga tekshirish, taqrizlash jarayonlari o‘ta shaffof va murakkab bo‘lgani sababli ushbu jurnallarda plagiat hamda ko‘p marotaba chop etilish dunyoning hamma olimlariga ham nasib qilmaydi. Albatta, bir narsani unutmasligimiz lozim – haqiqiy olimlar ko‘chirmachilik va qandaydir rejalarni bajarish uchun ilmiy ishlarni chop etmaydi.
Qolaversa, bugungi kunda butun dunyoda yuzlab antiplagiatga tekshiruvchi dasturlar mavjud bo‘lib, ularning ko‘pginasi bizning mamlkatimizda tadbiq etilgan. Mazkur fakt yana bir bor olib borilayotgan ilmiy izlanishlarni birovlardan ko‘chirib olishning imkoni yo‘qligidan dalolat beradi.
Shuningdek, institutda ta’limning kredit-modul tizimi joriy etilgan bo‘lib, elektron jurnal, elektron ta’lim platformasi, elektron dars jadvali, pedagoglar portfoliosi, media-portal kabi platformalar orqali ta’lim jarayonini raqamlashtirishga erishilmoqda.
Qolaversa, institut professor-o‘qituvchilarini tizimli ravishda rag‘batlantirish mexanizmlari yaratilib, jamoaning motivatsiyasi oshirib kelinmoqda. Professor-o‘qituvchilarning bosqichma-bosqich malaka oshirishlari, qayta tayyorlov kurslari va stajirovkalarni o‘tashlari, trening va anjumanlar hamda akademik almashinuv dasturlarida ishtirok etishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Ayni paytda institutning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan “Smart university 3.0” raqamlashtirish konsepsiyasi, internatsionalizatsiya strategiyasi, rivojlanish rejasi va yo‘l haritalari asosida faoliyat olib borilmoqda.
Keltirilgan jarayonlarning samarasi institutning oxirgi yillarda erishgan yutuq va natijalarida o‘z aksini topdi.
Xususan, keyingi besh yil ichida fakultetlar soni 3 dan 4 taga, kafedralari soni 36 taga, ta’lim yo‘nalishlari soni 4 dan 7 taga, magistratura va klinik ordinatura mutaxassisliklari soni esa 28 dan 35 taga yetkazildi. Bunga mos ravishda shifokor bo‘lish istagida bo‘lgan institut talaba yoshlari soni 3 920 dan 5 600 nafarga yetdi. Bu esa institutimizning haqiqiy ma’noda bilim markaziga aylanayotganligidan dalolat beradi.
2017 yilga qadar institut ilmiy salohiyati 49 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan davr mobaynida institut olimlari tomonidan 122 ta dissertatsiya ishlari himoya qilinib, ilmiy salohiyat 55 foizga yetdi. Professor-o‘qituvchilar muallifligida tayyorlangan 1 779 ta ilmiy maqolalar va 2936 ta tezislar xorijiy ilmiy jurnallarda e’lon qilindi.
Institut olimlari tomonidan bajarilgan grant ilmiy loyihalari 14 taga, xorijiy grantlar 4 taga yetib, bajarilgan va bajarilayotgan tadqiqotlar uchun 7,5 milliard so‘mdan ziyod mablag‘lar jalb etilgan.
Institutning 3 nafar professoriga Rossiya va Koreya universitetlari tomonidan faxriy professor unvoni berilib, 1 nafari Rossiya xalqlar do‘stligi universitetiga professor sifatida ishga qabul qilindi.
Hozirda, institutda Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya, Turkiya, Belarus, Qozog‘iston, Hindiston, Janubiy Koreya, Yaponiya, Kanada kabi davlatlarning 150 dan ziyod yetakchi ta’lim hamda davolash-profilaktika muassasalari bilan ta’lim va ilmiy yo‘nalishlarda hamkorlik ishlari olib borilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti UNICEF jamg‘armasining Bolalar salomatligini saqlash loyihasi granti bo‘yicha 60 000 AQShdollari, AUREUZ loyihasi granti bo‘yicha 30 000 va UNPFA fondidan 5 000 AQShdollarito‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya qilingan.
Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturlari UZHELTH, TechReh va Xitoy granti, Germaniyaning KfW banki grantlari doirasida institutga 4,72 million AQShdollari miqdoridagi o‘quv va ilmiy-amaliy jarayonlarni olib borish uchun jihozlar, tibbiy anjom va uskunalar keltirilgan.
Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi – KOICA, Janubiy Koreyaning Yonsey universiteti hamda institutimiz o‘rtasida amalga oshirilayotgan umumiy qiymati 5,0 million AQShdollari bo‘lgan grant loyihasi asosida institutning ta’lim dasturlari Koreya Respublikasi tomonidan litsenziyalanishiga va tan olinishiga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.
Kuni kecha Buyuk Britaniyaning nufuzli reyting tashkiloti – “Times Higher Education” agentligi “Young University Rankings – 2022” (Yosh universitetlar reytingi – 2022) reytingi natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti ilk bor yangi turdagi maqom – “Reporter” universitetlar qatoridan joy oldi.
Institutimiz dunyoning TOP universitetlari reytingiga kirish uchun nomzod sifatida yana bir katta qadamni qo‘ygani, albatta, bizni quvontiradi.
Aytish kerakki, oxirgi yillarda institutning ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari bilan o‘zaro integratsiyasi hisobiga ko‘pgina kashfiyotlar yaratilib kelinayotir. Masalan, 2017 yildan boshlab, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlikda xorijiy nufuzli klinikalarda mutaxassislarning malakasini oshirishi va qayta tayyorlanishi natijasida O‘zbekistonda ilk bor eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalarda noyob koxlear implantatsiya jarrohlik amaliyoti yo‘lga qo‘yildi va so‘nggi 5 yil ichida mazkur amaliyot orqali 1 550 nafar bolaning eshitishi tiklanib, nutqining rivojlanishiga erishildi.
Demak, xulosa qiladigan bo‘lsak, oliy tibbiy ta’lim sohasidagi islohotlar ham bugungi kunda o‘zining dolzarbligi hamda amaliy ahamiyati bilan boshqa sohalardagi islohotlardan aslo qolishmaydi. Chunki ushbu sohadagi islohotlarni yanada keng ko‘lamda davom ettirish davr talabidir.
Shavkat Omonov,
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti kafedra mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor