Telegram messendjerida Toshkent pediatriya tibbiyot institutida talabalar qoldirilgan darslarini qayta topshirish (otrabotka) jarayoni bo‘yicha e’lon qilingan maqolalar yuzasidan
RASMIY BAYONOT
2022 yil 17 may kuni Telegram messendjeri orqali “Assalomu alaykum Tuz og‘a. Bu Toshkent Pediatriya Tibbiyot Institutidagi holat” hamda “Toshkent pediatriya tibbiyot institutida rektorga yaqinlashib bo‘lmaydi” deb nomlangan maqolalar e’lon qilindi.
Ushbu holat yuzasidan Toshkent pediatriya tibbiyot instituti quyidagilarni ma’lum qiladi:
Bugungi kun talabi hamda xalqaro tajribaga tayangan holda qoldirilgan mashg‘ulotlarni qayta topshirish jarayonida sub’ektivizm, inson omili ta’sirini yo‘qotish hamda talabalar bilimini baholashda ob’ektivlikni va adolatni ta’minlash maqsadida institutda qoldirilgan darslarni qayta topshirish jarayoni kompyuter orqali topshiriladigan test shaklga o‘tkazilgan edi. Zero talabalar bilimini ob’ektiv baholashning yangi tizimini yaratmay turib, har tomonlama yetuk kadrlar tayyorlash mushkul.
Murojaatda keltirilganidek, bugun Toshkent pediatriya tibbiyot institutining o‘quv simulyatsion markazi binosida joylashgan test markazida institut talabalari qoldirilgan darslarini qayta topshirishda navbatga duch kelgan.
Ushbu holat semestr hamda o‘quv yili yakuni yaqinlashishi munosabati institut rahbariyati tomonidan bir necha marotaba ogohlantirilgan, ammo bunga e’tibor bermasdan uzoq vaqt davomida mashg‘ulotlarni qoldirgan hamda qayta topshirishi lozim bo‘lgan mashg‘ulotlarni o‘z vaqtida topshirmay yurgan talabalar qoldirilgan darslarini qayta topshirish uchun bir vaqtning o‘zida kelganligi va talabalar oqimi keskin oshib ketganligi uchun yuzaga kelgan.
Ayni paytda institut ma’muriyati tomonidan ushbu holat o‘rganildi va yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish uchun quyidagi qarorlar qabul qilindi:
1. Qoldirilgan mashg‘ulotlarni qayta topshirish test markazi ish faoliyati vaqtincha ertalab 10.00 dan boshlanadi;2. Qoldirilgan mashg‘ulotlarni qayta topshirish test markazidagi test topshiradigan kompyuterlar soni 100 taga yetkazildi.
3. Qoldirilgan mashg‘ulotlarni qayta topshirishda navbatlar oldini olish maqsadida barcha fanlar kesimida talabalarni qoldirgan mashg‘ulotlarini qayta topshirish jarayoni tuzilgan grafik asosida amalga oshiriladi.
Aytish lozimki, bugungi kunda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rahbariyati, jumladan rektorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Institut talabalari rektorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishlari hamda talabalarning dardi, murojaatlari, shikoyat va takliflarini eshitish, ular bilan ochiq muloqotda bo‘lish, og‘irini yengil qilish maqsadida institut rektorining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari (https://t.me/daminovbotirturgunpulatovich, https://www.instagram.com/daminovbotirturgunpulatovich/, https://www.facebook.com/DaminovBotirTurgunpulatovich) va virtual qabulxonalari (https://t.me/tpmi_rector) faoliyat yuritib kelmoqda.
Shuningdek, rektorning institutning asosiy ma’muriy-o‘quv binosidagi qabulxonasi doimiy ravishda faoliyat yuritib kelmoqda va murojaati mavjud talabalar ushbu qabulxona orqali o‘rnatilgan tartibda qabul qilinmoqda.
Qolaversa, institutning asosiy ma’muriy-o‘quv binosi xollida talabalar rektor hamda institut rahbariyatiga masofadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishlari uchun maxsus video-onlayn murojaat platformasi hamda info-kioski ishga tushirildi.
Shuni hisobga olib, institut rahbariyati har qanday murojaatga javob berishga va unga qonuniy tartibda yechim topishga tayyorligini ma’lum qiladi.
Bir narsani alohida ta’kidlash joiz, shifokorlikka o‘qiyotgan talaba barcha darslarga o‘z vaqtiga qatnashib, bo‘sh vaqtini qoldirgan mashg‘ulotlarni qayta topshirishga sarflashni o‘rniga qo‘shimcha ravishda adabiyotlarni o‘qish, o‘z kasbiy va amaliy malakasini oshirish hamda shaxsiy rivojlanishga sarflashi lozim. Zero, shifokorlik – inson salomatligi, hayoti va taqdiri bilan bog‘liq o‘ta mas’uliyatli va sharafli kasbdir. Bu kasb egalari esa xatoga yo‘l qo‘ymasligi hamda oq xalatiga dog‘ tushirmasligi lozim. Buning uchun, o‘z vaqtini behuda ketkazmaslik, doimo yangi bilim egallashga intilish va amaliy ko‘nikma hamda tajribalarni oshirib borish talab etiladi.
Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoq administratorlari va blogerlarga har qanday tekshirilmagan, asoslanmagan ma’lumotlarni joylamaslikni, davlat tashkiloti hamda rasmiy shaxslarni obro’sizlantirmaslikni, hamkorlik yuzasidan to’g’ridan-to’g’ri institutning Matbuot xizmatiga murojaat qilishlarini so’raymiz.
Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Matbuot xizmati