Xalqaro standartlarga javob beradigan, sifatli, yuqori texnologik ta’lim tizimini barpo etish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, yuqori malakali va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash hamda ushbu sohada mamlakatimizning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvini yanada chuqurlashtirish O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining ustuvor maqsalaridan biri hisoblanadi. Buning uchun xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli ikki va ko‘p tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishni xozirgi davrning o‘zi talab etmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yilning yanvar oyidagi Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi biz uchun juda muhim ahamiyatga ega va bu borada oldimizda turgan qator dolzarb vazifalarni belgilab bermoqda.

Keyingi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama aloqalar tobora kengayib, yanada samarali bo‘lib bormoqda. Shu paytga qadar o‘zaro manfaatli hamkorlikning mustahkam huquqiy bazasi barpo etilgan bo‘lib, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilayotgan do‘stlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlarini har tomonlama chuqurlashtirish va rivojlantirish to‘g‘risidagi qator hujjatlar imzolangan. Eng muhimi, ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasida do‘stona munosabat, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga bo‘lgan ishtiyoq hamda ushbu munosabatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish uchun barcha resurslar mavjudligini alohida ta’kidlash lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi doirasida ikki mamlakat oliy ta’lim tizimlarining hamkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish maqsadida joriy yilning 22-23 yanvar kunlari Pekin shahrida O‘zbekiston-Xitoy talim forumi tashkil etilmoqda.

Mazkur platforma orqali biz ham – oliy ta’lim vakillari, rektorlar korpusi Prezidentimizning Xitoy Xalq Respublikasi bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslariga xayrixoh bo‘lib, O‘zbekiston va Xitoy oliy ta’lim tizimlari o‘rtasida do‘stona munosabatlar, o‘zar manfaatli hamkorlik va natijaga yo‘naltirilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishimiz hamda ikki mamlakat oliy ta’lim tizimilaridagi barcha muammolarga birgalikda yechimi topishimiz lozim.

Xususan, ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida talabalar va professor- o‘qituvchilar almashinuvini tashkil qilish, ta’lim sifatini oshirish, professional ta’limni rivojlantirish, ta’limni ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, investision loyihalarni amalga oshirish, texnologiyalar transferi kabi yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratishimiz lozim.

Umuman olganda, barchamiz mazkur forumning ahamiyati va mohiyati, uning dolzarbligi, o‘zaro hamkorlikni takomillashtirish va rivojlantirish masalalariga mamlakatimiz oliy ta’lim tizimini rivojlantirish uchun katta imkoniyat, bir-birini to‘ldirish, qo‘shma loyiha va investisiyalarni rag‘batlantirish, o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish uchun keng yo‘l ochilishi nuqtai nazaridan qarasak maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi, nafaqat ushbu mamlakat hukumati va ishbilarmon doiralari, balki oliy ta’lim sohasi vakillari bilan ham muloqotlar va ikki tomonlar o‘rtasidagi rasmiy hujjatlar, keng ko‘lamli fikr almashinuvlar kelajakda ikki mamlakat o‘rtasida uzoqni ko‘zlab olib borilayotgan o‘zaro ishonchli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Botir DAMINOV,
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori,
tibbiyot fanlari doktori, professor