Keyingi vaqtlarda mamlakatimizda barcha sohalarda shiddat bilan amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining ijobiy samaralarini ko‘rsata boshladi. Muhtaram Prezidentimiz olib borayotgan uzoqni ko‘zlovchi istiqbolli siyosatning tag zamirida ham, eng avvalo, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, mamlakatamizni eng rivojlangan ilg‘or davlatlar qatoriga qo‘shish, yurtimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, shuningdek, birinchi navbatda, xalqimizning turmush farovonligini yuksaltirish va munosib hayot kechirish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berish orqali odamlarni rozi qilishdan iboratdir.
Aynan shu maqsadda davlatimiz rahbari doimiy ravishda yurtimizning barcha hududlariga tashrif buyurib, aholi bilan yuzma-yuz uchrashuvlar o‘tkazmoqda, hatto eng chekka hududlarda istiqomat qilayotgan odamlarning xonadonlariga yetib borib, ularning dardlariga quloq tutib, muammolarini hal etish yuzasidan ta’sirchan choralarni ko‘rib kelmoqdalar. Ushbu uchrashuvlar jarayonida xalqimizdan turli sohalarga oid qimmatli va foydali fikrlar bildirilmoqda.
Bundan tashqari, olib borilayotgan xalqchil siyosat natijasida ochiqlik va oshkoralik bilan bir barobarda “qars ikki qo‘ldan chiqadi” tamoyili ta’minlanmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, Prezidentimiz mamlakatimiz rivoji yo‘lida ezgu ishlarni davom ettirishda va oldinda turgan katta-katta marralarga erishishda bunyodkor xalqimizga tayanishini isbotlamoqda.
E’tiborlisi, bevosita aholining turli qatlamlari vakillari tomonidan bayon etilgan taklif, fikr-mulohazalarni e’tiborga olgan holda hamda ularni hayotga tadbiq qilish maqsadida 2023 yil sentyabr oyida nihoyatda muhim ahamiyat kasb etuvchi, mamlakatimiz rivoji uchun dasturamal hisoblangan tarixiy hujjat – “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilindi.
Bu strategiyada 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 ta muhim maqsad o‘z aksini topgan bo‘lib, ular orqali O‘zbekistonni eng rivojlangan ilg‘or davlatlar qatoriga qo‘shish, xalqimizning farovonligini oshirish, iqtisodiy-ijtimoiy sharoitlarini yanada yaxshilash, xalq ehtiyojlari va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini yaratish, hayotdan, davlatdan rozilik hissini kuchaytirishga doir aniq maqsad va vazifalar belgilab berildi.
Strategiyada belgilangan yo‘nalishlarning barchasida aholi, ya’ni xalq va mamlakat manfaatlari birinchi o‘ringa qo‘yildi. Jumladan, Strategiyaning I bobi “Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlarni yaratish” yo‘nalishiga bag‘ishlandi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha 44 ta maqsad (1-44-maqsadlar) doirasida 135 ta amaliy chora-tadbirlarni o‘zida qamraydi.
Bunda, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish, 30 ta oliy ta’lim muassasasining ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, “TOP-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida “ikki diplomli tizim”ni joriy etish, 10 ta oliy ta’lim muassasasini dunyoning eng nufuzli “TOP-1000” oliy ta’lim tashkilotlari reytingiga kiritishga erishish, oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish va ilmiy salohiyatni 70 foizga yetkazish orqali oliy ta’lim bilan qamrovni kengaytirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish kabi bandlar mavjud bo‘lib, aniq vazifa va indikatorlar keltirilgan.
Shuningdek, strategiyaning muhim yangiliklardan biri bu oliy ta’lim muassasalari tashkiliy-boshqaruv faoliyatini takomillashtirish, ularning moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlashdir. Bunda, mazkur maqsadga erishish uchun 2030 yilga qadar 5 ta oliy ta’lim muassasasini milliy tadqiqot oliygohlariga aylantirish, qo‘shimcha 120 ming o‘rinli o‘quv binolari hamda 150 ming o‘rinli talabalar turar joylarini qurish hamda kutubxonalarni kamida 1 million ta zamonaviy adabiyotlar bilan to‘ldirish va kutubxona fondini to‘liq raqamlashtirish vazifalari belgilanganligi naqadar oliy ta’lim tizimi muhim ekanligi va yoshlar ta’limi davlatimiz rahbarining yuksak e’tiborida ekanligini ko‘rsatib turadi.
Qolaversa, so‘nggi yillarda mamlakatimizda “Tibbiyotdagi islohotlar inson qadri uchun” tamoyili asosida aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan xayrli ishlar qamrovi kengayib bormoqda. Buning mantiqiy davomi sifatida strategiyada sog‘liqni saqlash tizimiga ham alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan maqsad va vazifalar, chora-tadbir va amaliy ishlar belgilanib o‘tilgan. Misol uchun, 350 ming nafar diabet va 1,5 million yurak-qon tomir kasalligi bor bemorlarni davolash bilan to‘liq qamrab olish, tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal etishga erishish, respublikada gemodializ o‘rin joylari bilan bemorlarni to‘liq qamrab olish orqali aholiga birlamchi tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirishiz lozimligi qayd etilgan.
Shu bilan birga, aholi orasida to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida me’yoridan ortiq tuz iste’mol qiladigan aholi ulushini 32 foizga, yetarlicha jismoniy faollikka ega bo‘lmagan aholini 22 foizga, ortiqcha vaznga va semizlikka ega katta yoshdagi aholini tegishincha 32 foiz va 23 foizga qadar kamaytirish, 5 yoshgacha bolalar orasida bo‘y o‘sishi kechikishi mavjud bo‘lganlar, vazn og‘irligi yetishmasligi mavjudlar va ortiqcha vazni mavjud ulushini o‘rtacha 2 barobarga kamaytirish hamda ta’lim va tibbiyot muassasalariga tarkibida transyog‘, tuz va shakar miqdori ko‘p bo‘lgan mahsulotlarni olib kirish, tayyorlash, sotilishini 100 foiz cheklash kabi vazifalar qo‘ylgani aholimiz salomatligi doimo Prezidentimiz va hukumatimizning nazoratida ekanligini isbotlaydi desam, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Mazkur tashabbuslar davlatning ijtimoiy sohada, xususan oliy ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida olib borayotgan islohotlarini tizimlashtirish va rivojlanishning aniq indikatorlarini belgilash orqali islohotlarning samaradorligini oshirish va natijalarni tezroq his etish imkonini beradi.
Hech shubhasiz, O‘zbekiston – 2030» strategiyasida belgilab olingan maqsad va vazifalar, indikator va marralar xalqimiz farovonligini ta’minlab, hayotini yanada yaxshilashga xizmat qilish bilan bir qatorda, yurtimiz kelajagiga samarali va ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash barobarida, uni xalqaro maydonda yanada ishonchli hamkor sifatida namoyon etishga zamin yaratadi.
Botir DAMINOV,
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori,
tibbiyot fanlari doktori, professor