2023 yil syentyabr oyida Prezidentimizning tegishli Farmoni bilan tasiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi e’lon qilindi. Mazkur hujjat bilan mamlakat kelajagi, taraqqiyot trayektoriyasi hamda erishilishi lozim bo‘lgan aniq indikatorlar belgilab berildi.
Aholimizning takliflari va fikr-mulohazalari bayon etilgan hamda keng jamoatchilik tomonidan chuqur muhokama etilgan strategiyada mamlakatimiz yoshlari uchun sifatli ta’lim tizimi, jumladan oliy ta’lim tizimi barpo etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Xususan, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrovni kamida 50 foizga yetkazish, ta’lim tizimini xalqaro mehnat bozoridagi o‘zgarishlar, texnologik jarayonlarga mos tashkil etish, oliygohlardagi ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish orqali 10 ta O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarini dunyoning eng nufuzli “TOP-1000” oliy ta’lim tashkilotlari reytingiga kiritish hamda 30 ta oliygohlarning ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazishga erishish maqsadlari belgilangan.
Shuningdek, “TOP-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 50 ta qo‘shma ta’lim dasturlari asosida “ikki diplomli tizim”ni joriy etish va kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yilgan. Ushbu maqsadlar va vazifalarni amalga oshirish, ularni hayotga tatbiq etish orqali xalqaro standartlarga javob beradigan hamda dunyo miqyosida raqobatbardosh bo‘la oladigan mutaxassislarni tayyorlashga erishiladi.
Qolaversa, keyingi yillarda oliy ta’lim muassasalari kutubxonalarini kamida 1 million ta zamonaviy adabiyotlar bilan to‘ldirish va kutubxona fondini to‘liq raqamlashtirish, qo‘shimcha 120 ming o‘rinli o‘quv binolari hamda 150 ming o‘rinli talabalar turar joylarini qurish va foydalanishga topshirish natijasida oliy ta’lim muassasalarining o‘quv infratuzilmasiga hamda talaba-yoshlarning turar joyga bo‘lgan ehtiyojlari qoplanib, oliygohlarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanadi.
Bularning barchasi esa yoshlarimizning intellektual salohiyatini oshirish, ularning akademik va ilmiy faoliyatini rag‘batlantirishga xizmat qilishiga aminman.
Ishonaman, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalar mamlakatimiz taraqqiyotini ta’minlash bilan birga aholimiz hayotini yanada yaxshilash hamda yoshlarimizning ta’lim xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoji va talablariga mos ravishda ularni o‘z sohasining yetuk mutaxassisi sifatida tarbiyalashga xizmat qiladi. Bu esa, Yangi mamlakat kelajagini ta’milash hamda O‘zbekistonni barpo etishga etishga zamin yaratadi.
Kaxramon XAITOV,
Toshkent pediatriya tibbiyot institutining
O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori,
tibbiyot fanlari doktori, professor