Darhaqiqat, mamlakatimizda har doim yoshlarni tom ma’noda barkamol avlod etib tarbiyalash, ularni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikka jalb etish, ijtimoiy himoyaga olish masalalari doimo ustuvor ahamiyat kasb etib kelmoqda. Mamlakatimizda qanday dastur va rejalar qabul qilinayotgan bo‘lsa, ularning barchasida umidimiz, kelajagimiz bo‘lgan yoshlarimiz manfaatlarini alohida hisobga olinmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston aholisining asosiy qismini yoshlar tashkil etadi. Tabiiyki, ularning ta’lim olishlari uchun sharoitlarni yaratish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ish bilan ta’minlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish, faoliyatini rag‘batlantirish, jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishiga ko‘maklashish dolzarb ahamiyatga ega.
Aynan ushbu maqsadlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2023 yil 11 sentyabradig PF-158-son Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida erishilishi va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq indikatorlar va chora-tadbirlar bilan belgilab berildi.
Xususan, 400 ming nafar yoshlarning bandligini ta’minlash va muammolarini hal etishga erishish, IT sohasida 300 ming nafar yoshlarni ish bilan ta’minlash va yoshlarning ishsizlik darajasini 14 foizdan 11 foizga kamaytirish orqali yoshlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ishsizlik darajasini kamaytirishga erishish maqsadi qo‘yilgan. Bunda, yoshlarga turli davlat va jamoat tashkilotlaridagi bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etish, haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish bilan bir qatorda, ularni tadbirkorlikka jalb etishga ham katta e’tibor qaratiladi.
Albatta, o‘tayotgan har bir kun barchamizdan o‘z ustida ishlash, izlanish, yangi bilim va ko‘nikmalarga esha bo‘lish va yangi imkoniyatlarni ishga solishni talab etishi sir emas. Shundan kelib chiqqan holda, strategiyada kitobxon yoshlar sonini 5 million nafarga yetkazish, har yili 100 ta eng yaxshi badiiy asar hamda bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan 50 ta badiiy kitoblar yaratish, “O‘zbek adabiyoti xazinasidan” ko‘p jildlik, “Jahon bolalar adabiyoti durdonalari” 100 jildligini o‘zbek tilida nashr qilish hamda 40 millionga yaqin kitob fondini raqamlashtirish orqali mamlakatimizda o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalarini keng ommalashtirish, jamiyatda kitobxonlikni hamda aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatishni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, strategiyada keyingi yillarda yoshlarni zamonaviy kasblar va chet tillariga o‘qitish tizimini yaratish va yoshlarning zamonaviy kasblar bilan mashg‘ul bo‘lishini ta’minlash uchun har bir viloyatda 1 tadan “Kreativ park”lar faoliyatini tashkil etish, ularga yiliga kamida 40 ming nafar yoshlarni jalb qilish va 2 million nafar yoshlarni kasb-hunar, tadbirkorlik ko‘nikmalari va xorijiy tillarga o‘qitish uchun sharoitlar yaratilishi belgilanmoqda.
Qolaversa, davrni o‘zi bizdan jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, mafkuraviy xurujlarga qarshi milliy g‘oya asosida birgalikda kurashish, oila, ta’lim muassasasi va mahalla hamkorligini mustahkamlash va shu asosda ma’naviy tarbiyaning uzviyligini mustahkamlash, ta’lim muassasalarini chinakam ma’naviyat va ma’rifat, madaniyat o‘chog‘iga aylantirish uchun ta’lim-tarbiyaning interaktiv usullarini joriy qilish, o‘zbek xalqining milliy qadriyatlari va ma’naviy merosini asrab-avaylash, keng ommalashtirish hamda rivojlantirish bo‘yicha yangi yondashuvlarni joriy qilishni talab etmoqda. Mazkur masalaga strategiyamizda ustuvorlik berilar ekan, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, shuningdek, milliy va ma’naviy qadriyatlarimizni targ‘ib etishda ta’lim sohasi vakillari, ayniqsa, muallimlarimiz alohida o‘rin tutadi.
Shu nuqtai nazardan, biz – ziyolilar, ustoz va murabbiylar, pedagog va muallimlar, birlashib, yoshlarimizni sog‘lom ma’naviy muhitda va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun mas’uliyatni o‘z bo‘ynimizga olib, milliy qadriyatlarimiz, mamlaktimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlarni targ‘ib etishga qaratilgan turli targ‘ibot, madaniy-ma’rifiy tadbirlar bilan cheklanmasdan, yoshlarimiz bilan “manzilli” va amaliy ishlarni yo‘lga qo‘yib, ularda Yangi O‘zbekistonning kelajagini yaratadigan barkamol avlodni tarbiyalashga o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, yoshlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ishsizlik darajasini kamaytirish, yoshlarni zamonaviy kasblar va chet tillariga o‘qitish tizimini yaratish hamda jamiyatda, ayniqsa yoshlar orasida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash masalalariga strategik nuqtai nazaridan qaralar ekan, mazkur maqsadlarga erishish, ularni hayotga tatbiq etish, albatta, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qodir bo‘lgan, sog‘lom va mafkuraviy “immunitetga” ega bo‘lgan yangi avlodni tarbiyalashga hamda yoshlarning iqtidorini ro‘yobga chiqarish uchun yanada keng imkoniyatlar yaratilishiga xizmat qiladi.
Muborak AXMEDOVA,
Toshkent pediatriya tibbiyot institutining
Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy
ishlar bo‘yicha birinchi prorektori