O’zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innvatsion rivojlanish agentiligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan amaliy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni qabul qilish uchun “Oʻzbekiston-Xitoy” xalqaro qoʻshma tanlovi 87-turi eʼlon qilinadi.
Mazkur tanlov ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablarga muvofiq oʻtkaziladi hamda quyidagi fan yoʻnalishlari boʻyicha eʼlon qilinadi:
1. Hujayra va molekulyar biotexnologiya (Biologiya va biotexnologiya fanlari);
2. Tibbiy-genetik va ekofiziologik tadqiqotlar (Tibbiyot fanlari);
3. Energiyatejamkor avtomatlashtirilgan tizimlar (Texnika fanlari);
4. Materialshunoslik va qurilish materiallari (Arxitektura, qurilish, dizayn va shaharsozlik fanlari, Texnika fanlari);
5. Oziq-ovqat mahsulotlari va texnologiyalari (Kimyoviy texnologiya va nanotexnologiya fanlari);
6. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari (Texnika fanlari);
7. Astronomiya (Matematika, fizika va mexanika fanlari);
8. Geologiya (Yer toʻgʻrisidagi fanlar);
9. Yangi dori vositalari va ularning taʼsir mexanizmlarini oʻrganish (Farmakologiya va farmatsevtika fanlari);
10. Qishloq xoʻjaligi (Qishloq xoʻjaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish fanlari, Kimyo fanlari).
Loyiha taqdim qilinganda loyiha rahbari oʻz loyihasi tadqiqot yoʻnalishidan kelib chiqib vazirlik huzuridagi Ilmiy-texnik kengash yoʻnalishiga tanlashi va shu yoʻnalish boʻyicha taqdim qilishi lozim.
Tanlovda ishtirok etish istagidagini bildirgan ilmiy jamoa Xitoy tomonidan loyihani amalga oshirish boʻyicha hamkor topishlari va ikki tomonda eʼlon qilingan tanlov shartlari boʻyicha bir xil mavzuga mos loyihalarni taqdim qilishlari lozim.
Tanlovning barcha bosqichlarida ikki tomondan ham ijobiy natijaga ega loyihalargina keyingi bosqichga oʻtkaziladi.
Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar www.grant.mininnovation.uz – davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi orqali 2024-yilning 1-iyunga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.