Toshkent shahridagi Amity universitetida 18-19 may kunlari «Hacknovation 2024» xakatoni bo‘lib o‘tdi, ushbu voqea axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohalarida muhim o’rin egalladi. Tadbir O‘zbekistonning IT-hamjamiyati va O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining sun’iy intellekt bo‘yicha maslahat kengashi hamkorligida tashkil etildi. Shuningdek, tadbirni Fido-Biznes, TBC Bank Uzbekistan, Payme va Cloupard kabi mashhur kompaniyalar qo‘llab-quvvatladi.

Tadbirning birinchi kuni ochilish marosimi bilan boshlandi. Ishtirokchilarga musobaqa qoidalari tushuntirildi, shundan so‘ng ular g‘oyalarni muhokama qilish uchun xonalarga bo‘lindi. Dastlabki muhokamalardan so‘ng, hakamlar yuqori ball to’plagan 50 ta jamoa loyihalarini keyingi bosqichda ishtirok etishi uchun tanlab oldi.

E’tirofga sazovor bo‘lgan jamoalardan biri ICMED AI bo‘ldi, unda Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Ilg‘or texnologiyalar va strategik tashabbuslar markazining yetakchi mutaxassislari: Shoxrux Pardayev, Rashod Akramov, Muxammadali Mexriddinov va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti talabasi Yuliya Xegay ishtirok etdi. Jamoa «Kidney Guard» loyihasi bilan qatnashdi, u kompyuter ko‘rish (computer vision) yordamida buyrakning to‘rtta holatini aniqlaydi: kista mavjudligi, o‘sma, buyrak toshlari mavjudligi va buyrakning normal holati. Jamoa yuqori ballarni to‘pladi va top-50ga kirdi.

«Hacknovation 2024» butun mamlakat bo‘ylab 100 dan ortiq jamoalarni to‘pladi, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasida keng ko‘lamli innovatsion g‘oyalar va yechimlarni namoyish etdi. Tadbir nafaqat O‘zbekistondagi iste’dodlarni yoritdi, balki ishtirokchilar o‘rtasida hamkorlik va bilim almashinuvini rag‘batlantirdi.

Xakaton yakunida ICMED AI jamoasi a’zolari faol ishtirok etganlari uchun sertifikatlar bilan taqdirlandi va ularning mehnatlari va tadbirga qo‘shgan hissalari e’tirof etildi. «Hacknovation 2024» O‘zbekistondagi kelgusi texnologik tanlovlar uchun yangi standart o‘rnatib, tez rivojlanayotgan texnologik muhitda innovatsiyalar va hamkorlikning ahamiyatini ta’kidladi.