5-iyundan oliy va professional taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish istagidagi abituriyentlar uchun qabul boshlanadi (kasb-hunar maktabi bundan mustasno)

Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori maslahatchisi Zohid Shakarov maʼlum qildi.

Oʻqishga qabul qilish boʻyicha kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida oʻtkaziladi.

Davlat OTMlari bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi.

1-bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar (25-iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun my.uzbmb.uz saytida onlayn roʻyxatdan oʻtadi hamda quyidagilarni tanlaydi:

Faqat test sinovida ishtirok etsa:

  • fanlar majmuasi;
  • taʼlim tili;
  • test topshirish hududi.

Alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishlarida oʻqish istagini bildirsa (ijodiy imtihon) topshirsa:

  • taʼlim tili;
  • test topshirish hududi;
  • alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishi;
  • kasbiy (ijodiy) imtihonni topshiriladigan davlat OTM.

2-bosqichda abituriyentlar test sinovlari toʻliq yakunlanganidan soʻng 15 kun davomida my.uzbmb.uz sayti orqali quyidagilarni tanlaydi:

  • oliy taʼlim muassasasi;
  • bakalavriat taʼlim yoʻnalishi;
  • taʼlim shakli;
  • tanlov ustuvorligi.

 Abituriyentning test sinovida toʻplagan ballari imtihon oʻtkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani boʻyicha tanlov natijasi qabul jarayonining 2-bosqichi toʻliq yakunlangandan keyin bir hafta muddatda Agentlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.

Kollej va texnikumlarda oʻqish istagini bildirgan abituriyentlar OTMlariga qabulning yakuniy natijasi eʼlon qilinganidan soʻng 10 kun muddatda quyidagilarni tanlaydi:

  • kollej va (yoki) texnikum;
  • kasb va mutaxassislik;
  • taʼlim shakli.

 Natijasi bir hafta muddatda Agentlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.

Fuqarolar oʻzlarini qiziqtirgan savollari bilan Agentlikning 1195 ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin.

Batafsil (https://gov.uz/edu/news/view/13165)