Ilg’or Texnologiyalar va Strategik Tashabbuslar markazi xodimlari nufuzli Al-Xorazmiy nomidagi AICA Awards 2025 tanloviga «Sun’iy intellekt yordamida sog‘liqni saqlashdagi eng yaxshi innovatsiya» nominatsiyasiga nomzod sifatida taklif qilindi. «Homila AI», «School of Autism» va «KidneyGuard» jamoalari ushbu muhim tadbirda rasmiy ishtirokchi bo‘lib, sun’iy intellekt va tibbiyot sohasidagi yutuqlarini namoyish etmoqda.
Final mukofot marosimi 4-aprel kuni EDVENT Hall, Markaziy Osiyo Universitetida bo‘lib o‘tadi va unda g‘oliblar e’lon qilinadi. Tadbir davomida jamoa vakillari o‘z loyihalarini taqdim etish, yetakchi soha mutaxassislari bilan aloqalar o‘rnatish va xalqaro miqyosda tan olinish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
«AICA Awards 2025» haqida
Al-Xorazmiy nomidagi AICA Awards 2025 Markaziy Osiyoda sun’iy intellekt sohasidagi eng yirik tadbirlardan biri sanaladi. Ilk bor O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari bir maydonda jamlanib, sun’iy intellekt sohasidagi yutuqlarni e’tirof etadilar.
Tadbirning asosiy maqsadlari:
- — Innovatsion loyihalarni e’tirof etish va targ‘ib qilish,
- — Mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash,
- — Ilmiy tadqiqotlarni rag‘batlantirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini iqtisodiyot hamda tibbiyotga joriy etish.
Saralash jarayoni
Loyihalar 2025-yil 10-fevralgacha qabul qilindi, bunda 2020–2024-yillar oralig‘ida amalga oshirilgan ishlanmalar ishtirok etdi. Markaziy Osiyo davlatlarining ekspert hay’ati ishtirokchilarni yutuqlari, innovatsion jihatlari va texnologik salohiyatiga qarab baholadi.
Biz «Homila AI», «School of Autism» va «KidneyGuard» jamoalarini finalga chiqishi bilan tabriklaymiz va «AICA Awards 2025»da ularga omad tilaymiz!