Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamda S.D. Asfendiyarov nomidagi Qozog‘iston milliy tibbiyot universiteti o‘rtasidagi hamkorlik va akademik mobillik dasturi doirasida 2025-yil 29-aprel kuni pediatriya instituti binosida «Aholi salomatligini muhofaza qilish sohasida innovatsion texnologiyalar» mavzusida yosh olimlar va talabalarning xalqaro ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanning maqsadi — talabalar, magistrantlar va yosh olimlarning ijodiy faolligini rag‘batlantirish, ularni ilmiy tadqiqotlarga jalb etish hamda sog‘liqni saqlash sohasidagi dolzarb muammolarni hal qilishga ko‘maklashish hamda O‘zbekiston va Qozog‘iston yosh tadqiqotchilari o‘rtasidagi ta’lim va ilmiy aloqalarni mustahkamlashdan iborat bo’ldi.

Anjumanda O‘zbekiston (ToshPTI, TTA, TDSHI, SamDMU, FJSTI, TTA Urganch filiali, Urganch davlat universiteti), Qozog‘iston (S.D. Asfendiyarov nomidagi QozMTU, X.A. Yassaviy nomidagi Xalqaro Qozog‘-Turk universiteti, Ostona tibbiyot universiteti, Nazarboyev universiteti Tibbiyot maktabi, QRTMU, Janubiy Qozog‘iston davlat tibbiyot akademiyasi, UIB, Kaspiy universiteti) va Qirg‘izistondan (B.N. Yelsin nomidagi QRSU) 300 nafardan ortiq yosh olimlar, magistrantlar, rezidentlar va talabalar ishtirok etdi.

Anjuman doirasida plenar va seksion majlislari tashkil etildi. Ularda 100 dan ortiq og‘zaki va poster ma’ruzalar tinglandi va muhokama qilindi. Ma’ruzalar yosh olimlar va talabalarning ustuvor tibbiy yo‘nalishlar, xususan, turli kasalliklar, shu jumladan irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqot natijalarini o‘z ichiga oldi.

Anjuman yakuniy natijalari bo‘yicha 3 ta nominatsiya bo‘yicha — talabalar, magistrantlar va rezidentlar, shuningdek, doktorantlar o‘rtasidagi eng yaxshi ilmiy ishlar aniqlandi va rag‘batlantirildi.

Anjuman koordinatorlari sifatida Toshkent pediatriya tibbiyot institutining 2-son Gospital pediatriya va xalq tabobati kafedrasi (kafedra mudiri – prof. D.I. Axmedova), 1-son Gospital pediatriya va xalq tabobati kafedrasi (kafedra mudiri – prof. N.R. Aliyeva), shuningdek, S.D. Asfendiyarov nomidagi Qozog‘iston milliy tibbiyot universitetining 1-son Umumiy tibbiyot maktabi kafedrasi (prof. A.T. Musayev) xizmat qildi.

Anjuman dasturi

Anjuman tezilari to’plami

Anjuman foto-lavhalari

Doktorantlar seksiyasi

Magistrant va rezidentlar seksiyasi

Talabalar seksiyasi