O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabragi PF-158-son Farmoni bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi tasiqlangan bo‘lib, mamlaktimizning yaqin kelajakdagi taraqqiyoti belgilab berildi.
Strategiya yillar davomida to‘plangan tajriba, xalqaro eyespertlar guruhi va jamoatchilik tomonidan o‘tkazilgan keng muhokamalar natijalari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 ta muhim maqsadni o‘z ichiga oladi.
Mazkur hujjatda keyingi 6 yil davomida mamlakatimizda belgilangan marralar, ko‘rsatkich va indikatorlarga erishishga, umuman olganda ularni amalga oshirish hamda hayotga tatbiq etish yo‘lida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar aniq ko‘rsatilib o‘tilgan.
«O‘zbekiston – 2030» strategiyasida barqaror iqtisodiy rivojlanish orqali O‘zbekistonni o‘rtacha daromaddan yuqori bo‘lgan mamlakatlardan biriga aylantirish, xalq ehtiyojlari va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini yaratish, aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish kabi asosiy g‘oyalar mavjud.
Strategiyaga ko‘ra, tibbiy xizmatni aholiga yanada yaqinlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar natijasida qandli diabet bilan kasallangan 350 ming, yurak-qon tomir kasalliklari bilan xastalangan 1,5 million bemor tibbiy yordam bilan to‘liq qamrab olinadi.
Chaqaloqlarda genetik kasalliklar bo‘yicha selektiv skrining tekshiruvlari qamrovi kamida 50 foizga oshiriladi. Bu bolalar orasida irsiy kasalliklarni ikki baravar kamaytiradi.
Kelgusi yillarda chaqaloqlarni zarur mikroelementlar bilan, yosh bolalarni gelmintiozlarni oldini olish uchun maxsus preparatlar, yod preparatlari, ayollar va qizlarni multivitaminlar, temir va foliy kislotasi bilan bepul ta’minlash ishlari amalga faollashtiriladi. Natijada yuqumli va yuqumsiz kasalliklar tarqalishini 20 foizga kamaytirish imkoniyati yaratiladi.
Bu davrda tibbiy yordamga muhtoj aholi murojaatlarining 70 foizini birlamchi bo‘g‘inda hal etish rejalashtirilgan.
Shunday qilib, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi mamlakatimiz, shu jumladan sog‘liqni saqlash tizimi taraqqiyotining eng muhim asoslarini qamrab oladi, faoliyatimizning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi hamda aholi salomatligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Abdumalik DJALILOV,
Toshkent pediatriya tibbiyot institutining
Davolash ishlari bo‘yicha prorektori –
institut klinikasi Bosh shifokori