O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021 yil 20 apreldagi PF-6208-son Farmoni bilan:
2021 yil 1 maydan boshlab yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan ota-onasi (qonuniy vakillari)ga tegishli bo‘lmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy taʼlim muassasalari talabalarining 60 foiziga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan qoplab berilishi, bunda:
ijara to‘lovining qoplab beriladigan qismi Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, qolgan hududlarda — bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravaridan oshmasligi;
ijara to‘lovining qoplab beriladigan qismi birinchi navbatda ehtiyojmand oila farzandlariga, o‘rnak ko‘rsatgan va faol talabalar uchun qoplab berilishi;
oliy taʼlim muassasalari tomonidan ularning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ijara huquqi asosida yashaydigan boshqa talabalarga ham oylik ijara to‘lovining bir qismi qoplab berilishi mumkinligi belgilangan.
Ariza beruvchi mustaqil ravishda quyidagi holatlardan kamida birini tasdiqlovchi maʼlumot yoki hujjatlarni ilova qilgan holda ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi anketa-arizani ikki nusxada to‘ldirib, talabalarni turar joy bilan taʼminlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi bo‘limiga topshiradi:
1. Kam taʼminlangan oilalarning farzandlari bo‘lganligi (kam taʼminlangan oila deb topish tuman (shahar) mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari yoki «Ijtimoiy himoya yagona ryestri” avtomatlashtirilgan tizimi tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi);
2. Boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalar (ota-onasidan biri yoki ota-onasi vafot etgan hamda oilada o‘n olti yoshga to‘lmagan beshta va undan ortiq bolalari bo‘lgan oilalar) farzandlari bo‘lganlar;
3. I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
4. To‘liq davlat taʼminotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lganlar;
5. Vasiylik yoki homiylik belgilangan va oilaga tarbiyaga (patronat) olingan bolalar;
6. «Temir daftar”ga kiritilgan oila farzandi bo‘lganlar;
7. Onasi «Ayollar daftari”ga kiritilgan oila farzandi bo‘lganlar;
8. I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning farzandi bo‘lganlar;
9. Oila aʼzolari «Mehnat-migratsiya” dasturida ro‘yxatdan o‘tganligi hamda xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotganligi;
10. Ota-onasi ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lganligi (bandligi taʼminlanmagan, ishlash istagida bo‘lgan, daromad manbaiga ega bo‘lmagan, shu jumladan, mehnat qilish qobiliyatini qisman yo‘qotgan);
11. Oliy taʼlim muassasasida ikki va undan ortiq farzandi shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandi bo‘lganlar;
12. Davlat oliy taʼlim muassasasida o‘rnak ko‘rsatganligi va faol bo‘lganligi (xalqaro, respublika, hudud va taʼlim muassasasi miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadalari va sport musobaqalari, ko‘rik tanlovlar g‘oliblari, fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, maʼnaviy-maʼrifiy va sport tadbirlarida faol qatnashganligi, jamoatchilik asosida targ‘ibot guruhlaridagi volontyorlik faoliyati).