O‘zbekistondagi eng yirik chakana savdo tarmog‘i hisoblangan «Korzinka» 14-noyabr sanasida nishonlanadigan Butunjahon diabetga qarshi kurash kuni munosabati bilan o‘tkazilgan xayriya aksiyasida ishtirok etdi.

Tadbir Y.X. To‘raqulov nomidagi Endokrinologiya Respublika ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti endokrinologiya kafedrasi va Tibbiyot xodimlari malakasini oshirish markazi tomonidan tashkil etildi. Loyihaning asosiy maqsadi diabet alomatlarini o‘z vaqtida aniqlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va aholiga mazkur kasallik haqida xabardorlikni oshirishdan iborat.

Aksiyada Endokrinologiya markazi mutaxassislari, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Tibbiyot xodimlari malakasini oshirish markazi o‘qituvchilari, shuningdek, ilmiy xodimlar, doktorantlar, klinik ordinatorlar va magistrlar qatnashdilar. Tadbir doirasida Toshkentdagi «Korzinka» supermarketlarida xaridorlarga qonning glikemik indeksini aniqlash uchun ekspress-testlar o‘tkazildi.