O‘zbekiston yoshlar ittifoqi jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk va intellektual rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan yosh avlodni shakllantirish, yoshlarni tashqi tahdidlar va “ommaviy madaniyat”ning zararli ta’siridan muhofaza qilish, yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga har tomonlama ko‘maklashish va shart-sharoitlarni yaratish maqsadida jismoniy shaxslar tomonidan ittifoq tashkiliy-huquqiy shaklida tuzilgan, O‘zbekiston yoshlarini birlashtiruvchi nodavlat notijorat tashkilotidir.
O’zbekiston yoshlar ittifoqining Toshkent pediatriya tibbiyot institutidagi boshlang’ich tashkiloti 2017- yil 12-sentabr kunidagi boshlang’ich tashkilotning 01-sonli ta’sis yig’ilishida tashkil etilgan hamda ittifoqning Toshkent shahar Yunusobod tumani mahalliy Kengashi Ijroiya qo’mitasi yig’ilishining 2017 yil 2 oktabrdagi 01-04/2-sonli bayoni asosida 2017 yil 4 oktabr kuni ro’yxatga olinib, OTM-14/192/004-sonli guvohnoma berilgan.
O’zbekiston yoshlar Ittifoqining Toshkent pediatriya tibbiyot institutidagi boshlang’ich tashkiloti
Rektorning yoshlar masalalari bo’yicha maslahatchisi – O’zbekiston yoshlar Ittifoqining institutdagi boshlang’ich tashkiloti Yoshlar yetakchisi Abidov Xasanxodja Alisherovich hisoblanadi.
Boshlang‘ich tashkilotning asosiy maqsadi ta’lim muassasalarida yoshlarning ta’lim-tarbiya olishi uchun munosib sharoit yaratib berishga ko‘maklashish, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda har tomonlama barkamol shaxslar bo‘lib yetishishiga munosib hissa qo‘shishdan iborat.
Boshlang‘ich tashkilot o‘z oldiga quyidagi vazifalarni qo‘yadi:
– yosh avlodni ona Vatanga muxabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning ongiga milliy istiqlol g‘oyasi, milliy qadriyatlar, diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va oilaviy qadriyatlarni chuqur singdirish;
– yoshlarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida belgilangan fuqarolik huquq va burchlarini anglatish, ularga mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik va huquqiy islohotlarni mazmun-mohiyatini tushuntirish;
– oliy ta’lim muassasasi yoshlarining muammolari, ta’lim sifati, fanlarni o‘zlashtirish darajasi, davomati, darsliklar va kutubxonadan foydalanish darajasini o‘rganib borish, yoshlar murojaatlarini ko‘rib chiqish va hal etishga ko‘maklashish;
– yoshlarning chuqur bilim olishi, chet tillarini o‘rganishi va zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini puxta egallashi hamda ularni kasb-hunarga yo‘naltirishga qaratilgan chora tadbirlarni amalga oshirish;
– iste’dodli yoshlarni kashf etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan ishlarni amalga oshirish, intellektual va ijodiy qobilyatlarini rivojlantirishga ko‘maklashadigan klub va to‘garaklar faoliyatini tashkil etish;
– imkoniyati cheklangan hamda maxsus ehtiyojli yoshlarning inklyuziv ta’lim olishi uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan ishlarni qo‘llab-quvvatlash;
– notinch oila farzandlari, tarbiyasi o‘g‘ir va nosog‘lom muhitga tushib qolgan yoshlarni jamiyatga ijtimoiy moslashuvi hamda darslarni muntazam qoldirib kelayotgan talabalarni ta’lim jarayoniga qaytarish, qizlar o‘rtasida erta nikohlarning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar olib borish;
– yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olishga qaratilgan huquqiy-tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish;
– yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, ularning kitobga bo‘lgan muhabbatini oshirish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish;
– yoshlarda “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi zararli illatlar, axborot hurujlari, diniy aqidaparastlik, missionerlik va ekstremistik g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish;
– oliy ta’lim muassasasi yoshlar o‘rtasida yoshlar turizmini rivojlantirish, ularni o‘zlari yashayotgan hududdagi tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar, muzeylar, teatrlar, mustaqillik davrida barpo etilgan inshootlarga tashrifini uyushtirish;
– yoshlar, ayniqsa qiz bolalar o‘rtasida sportni keng targ‘ib etish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab quvvatlash va turli sport musoboqalarida ishtirok etishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berish;
– yoshlarga tibbiy madaniyat, xususan, kasalliklardan himoyalanish yo‘llarini keng tushuntirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish;
– yoshlar o‘rtasida ekologiya atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni targ‘ib qilish orqali ularda ekologik madaniyatni yuksaltirish, ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash;
Yoshlar ittifoqiga a’zolikka qabul qilish:
Yoshlar Ittifoqiga yuridik va jismoniy shaxslar ushbu Ustavda belgilangan tartibda a’zo bo‘lishlari mumkin:
– Ittifoqning maqsadini qo‘llab-quvvatlash istagini bildirgan,14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasida muntazam yashab kelayotgan fuqaroligi bo‘lmagan jismoniy shaxslar Ittifoqning a’zosi bo‘lishi mumkin.
– Ittifoqning jismoniy shaxs bo‘lgan a’zosi Ittifoqning rahbar organlariga saylangan taqdirda unga nisbatan ushbu Ustavning 4.2. bandida ko‘zda tutilgan yoshga oid cheklov qo‘llanilmaydi.
– Jismoniy shaxslarni Ittifoqqa a’zolikka qabul qilish va chiqish Ittifoq boshlang‘ich tashkilotining Umumiy yig‘ilishi tomonidan, shuningdek boshlang‘ich tashkilot Kengashining yig‘ilishi (boshlang‘ich tashkilotda Kengash shakllantirilgan taqdirda) tomonidan amalga oshiriladi.
– Jismoniy shaxslarni Boshlang‘ich tashkilot tegishli rahbar organining a’zolikka qabul qilish va chiqish to‘g‘risidagi qarori yakuniy hisoblanadi va Ittifoqning yuqori organlari tomonidan tasdiqlanishi talab qilinmaydi.
– Yoshlar sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari va yoshlar sohasiga oid korxona, muassasa va tashkilotlar hamda ta’sis hujjatlari Ittifoqning Ustav maqsadlari, vazifalari va dasturiy hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa yuridik shaxslar Ittifoqqa a’zo bo‘lishi mumkin.
– Yuridik va jismoniy shaxslar Ittifoqqa a’zolikka qabul qilinishi uchun tegishli mazmundagi arizani taqdim etadilar.
Jismoniy shaxslarning yoshlar ittifqidagi a’zoligi quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:
– Ittifoq a’zosi arizasiga ko‘ra;
– Ittifoq a’zosining yoshi 30 yoshdan oshgach (Ittifoqning saylanadigan organlariga saylangan shaxslar bundan istisno);
– Ittifoq a’zosi tomonidan ushbu Ustavga va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid bo‘lgan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilganda;
– Ittifoqning faoliyati tugatilganda.
– Jismoniy shaxslarni Ittifoq a’zoligidan chiqarish to‘g‘risidagi qaror boshlang‘ich tashkilotning Umumiy yig‘ilishi yoki boshlang‘ich tashkilot Kengashi tomonidan qabul qilinadi.
Yoshlar Ittifoqi a’zolarining huquqlari:
– umumiy yig‘ilishlar, konferensiyalar, Qurultoy, Ittifoqning rahbar organlari yig‘ilishlari va Ittifoqning bosma davriy nashrlarida masalalarni muhokama qilish chog‘ida o‘z fikrini erkin ifoda etish;
– shaxsan yoki o‘z vakili orqali Ittifoqning saylanadigan organlari qarorlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
– Ittifoqning saylanadigan rahbar organlari va nazorat-taftish organlariga saylash va saylanish;
– Ittifoq organlari faoliyati to‘g‘risida ma’lumotlar olish, o‘zlariga taalluqli bo‘lgan masalalarni muhokama qilishda Ittifoq organlari faoliyatida ishtirok etish va fikr bildirish;
– Ittifoq faoliyatida Ustav va Dastur doirasida ishtirok etish, Ittifoqning har qanday rahbar organiga ariza va takliflar bilan murojaat etish.
Yoshlar Ittifoqi a’zolarining asosiy vazifalari:
– Ittifoqning Ustav maqsadlarini amalga oshirishda qatnashish;
– yoshlar o‘rtasida va jamiyatda Ittifoqning ta’siri va nufuzini oshirish;
– Ittifoq rahbar organlari, boshlang‘ich tashkilotlarning umumiy yig‘ilishlari, shuningdek, Kengashi yig‘ilishlari qarorlarini bajarish;
– Ittifoqning boshlang‘ich tashkiloti faoliyatida faol qatnashish.
O’zbekiston yoshlar Ittifoqining Toshkent pediatriya tibbiyot institutidagi boshlang’ich tashkiloti Yoshlar kengashi 12 a’zodan iborat:
1. Rektorning yoshlar masalalari bo’yicha maslahatchisi – O’zbekiston yoshlar Ittifoqining institutdagi boshlang’ich tashkiloti Yoshlar yetakchisi;
2. Intellektual loyihalar koordinatori;
3. 5 ta tashabbus loyihalari koordinatori;
4. Biznes va innovatsion loyihalar koordinatori;
5. Harbiy-vatanparvarlik loyihalari koordinatori;
6. «Yoshlar daftari» va metsenatlik dasturi koordinatori;
7. Talaba-qizlar koordinatori;
8. 1-Pediatriya va xalq tabobati fakulteti koordinatori;
9. 2-Pediatriya va tibbiy-biologiya fakulteti koordinatori
10. Tibbiy-pedagogika va davolash fakulteti koordinatori;
11. Oliy malakali hamshiralik fakulteti koordinatori;
12. Magistratura koordinatori.
O’zbekiston yoshlar Ittifoqining Toshkent pediatriya tibbiyot institutidagi boshlang’ich tashkiloti qoshida quyidagi to’garaklar va klublar tashkil etildi:
– «Qalqon» jamoatchilik guruhi;
– «Pediatr» talabalar teatr-studiyasi;
– «Zakovat» intellektual klubi;
– «Quvnoqlar va zukkolar» klubi;
– Volontyorlik markazi;
– «Debat» Klubi;
– Kitobxon klubi;
– Kino-klub;
– Ijodiy klub.
Yoshlar ittifoqiga Davlat tomonidan yaratilgan sharoit va imkoniyatlar
2017- yil 30- iyun kuni “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining navbatdagi IV qurultoyida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning taklifiga binoan “O’zbekiston yoshlar ittifoqi” tuzildi. O’z navbatida 2017 -yil 5- iyul kuni “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O’zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo’llab-quvvatlash to’g’risida”gi PF-5106-sonli Prezident farmoni imzolandi. Ushbu farmonga muvofiq mamlakatimiz yoshlarini vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ma’naviy yetuk va jismonan sog’lom barkamol avlodni voyaga yetakazish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida aniq chora-tadbirlar tuzilgan.
O’zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil topgan kun 30- iyun sanasi yurtimizda “Yoshlar kuni” deb e’lon qilinishi ham mamlakatimiz yoshlari hayotida muhim o’rin egalladi.
Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017- yil 18- iyuldagi “O’zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to’g’risida”gi PQ-3138 sonli qarori imzolandi.
Yana bir quvonchli xabar mamlakatimizda buyuk ajdodlarimizga munosib bo’lgan, mardlik va jasorat, qat’iyyatlilik, halollik, vatanparvarlik kabi fao’ilatlarga ega mard o’g’lonlarimizni tarbiyalash hamda jamiyatimiz hayotining turli sohalarida yuqori natijalarga erishib kelayotgan bilimli, tashabbuskor, ishbilarmon, shijoatli va fidoyi yigitlarni rag’batlantirish maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21- noyabrdagi “Mard o’g’lon” davlat mukofotini ta’sis etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-3402 sonli qarori imzolandi.
Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida, vatanparvarlik, fidoyilik va mehnatsevarlik fazilatlarini namoyon etib, хalq manfaatlari uchun sadoqat bilan хizmat qilayotgan, Vatanimizning хalqaro maydondagi obroʻ-e’tiborini yuksaltirishga va shon-shuhratini oshirishga munosib hissa qoʻshayotgan, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida faolligi va tashabbuskorligi bilan tengdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan, shuningdek oʻqishda va mehnat faoliyatida katta yutuqlarga erishgan, 14 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan yoshlarni taqdirlash maqsadida “Kelajak bunyodkori” medali ta’sis etildi.
Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 -yil 23- sentyabrdagi “Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashda qo’llab-quvvatlashga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi № 753-sonli qarori, 2017- yil 12- oktyabrdagi “Qoraqalpog’iston Respublikasi yoshlar ittifoqi Kengashi raisini, viloyat, shahar, tuman Kengashlari raislarini va O’zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi xodimlarini moddiy rag’batlantirish chora-tadbirlari to’g’risidagi” № 818-sonli Qaroriga asosan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yengil avtotransport vositalarini 10 yilgacha, dastlabki badal summasi avtotransport vositasi qiymatining 15 foizi miqdorida berilishini alohida ta’kidlab o’tish joiz.
Bu kabi imtiyozlardan yana biri Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-noyabrdagi “O’zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zolariga oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyozlar berish to’g’risida”gi № 914-sonli Qarori yurtimiz yoshlari hayotida chinakkam quvonchli hushxabar bo’ldi.